
Turkmaniston 2026-yilning may oyida Bokuda bo‘lib o‘tadigan 13-Butunjahon shaharlar forumida (WUF 13) ishtirok etishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Turkmanistonning Ozarbayjondagi elchisi Ozarbayjonning «Report» saytiga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Elchining ta’kidlashicha, 2026-yilda Bokuda o‘tkaziladigan 13-Butunjahon shaharlar forumining (World Urban Forum – WUF 13) barqaror shahar rivojlanishi bo‘yicha global kun tartibini ilgari surishda hamda zamonaviy urbanizatsiya sohasida xalqaro hamkorlikni mustahkamlashda muhim bosqich bo‘ladi.
«Turkmaniston ushbu forumda yuqori darajada ishtirok etishni rejalashtirmoqda. Turkmanistonda uy-joy qurilishi, shuningdek, aholining yashash sharoitlarini yaxshilash masalalariga ustuvor ahamiyat berilmoqda. Shaharsozlik bo‘yicha davlat siyosatining asosiy yo‘nalishini qulay, zamonaviy va xavfsiz shahar muhitini yaratish tashkil etadi. Buning yorqin isboti sifatida mamlakat poytaxti Ashxobod, shuningdek, shahar infratuzilmasini rejalashtirishga kompleks yondashuv va jadal rivojlanishni ko‘rsatib turgan Arkadag shahrini keltirish mumkin», — deb qayd etdi elchi.
Shuningdek, intervyuda Turkmaniston va Ozarbayjon neft va gaz boyliklariga ega yirik energetika davlatlari hisoblansalar-da, «yashil» energiyani rivojlantirishga ortib borayotgan qiziqish bildirayotganlari ta’kidlandi. Shu munosabat bilan, hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlaridan biri quyosh va shamol energetikasi bo‘yicha qo‘shma loyihalarni rivojlantirish bo‘lishi mumkinligi qayd etildi.
Elchining aytishicha, «yashil» elektr energiyasini uzatish va eksport qilish uchun qo‘shma infratuzilma yaratish muhim yo‘nalish bo‘lishi mumkin. Bu Kaspiy dengizi tubidan kabel liniyalarini qurish, energetika tizimlarini integratsiyalash hamda elektr energiyasini Yevropa yo‘nalishiga eksport qilish bo‘yicha mintaqaviy loyihalarda ishtirok etishni o‘z ichiga olishi mumkin.
Shuningdek, intervyu davomida joriy yilda Turkmanistonda Ozarbayjon madaniyati kunlarini o‘tkazish rejalashtirilayotgani aytib o‘tildi.
Keywords