Afg‘oniston Savdo va sanoat palatasi delegatsiyasi Turkmaniston Savdo-sanoat palatasining taklifiga binoan rasmiy tashrif bilan Turkmanistonga keldi. Tashrif davomida tomonlar savdo, transport-logistika va sarmoyaviy hamkorlikni rivojlantirish yo‘nalishlarini muhokama qildilar.
M muzokaralar chog‘ida afg‘on tomoni Turkmanobod — Mozori-Sharif yo‘nalishida yangi tranzit transport yo‘lagini yaratish tashabbusini ilgari surdi. Ushbu loyiha Afg‘onistonning shimoliy hududlari bilan Turkmaniston o‘rtasidagi tranzit qatnovlarini rivojlantirishga qaratilgandir.
Uchrashuvlarda Turkmaniston Savdo-sanoat palatasi, temir yo‘l tizimi va boshqa transport tuzilmalarining vakillari qatnashdilar. Tomonlar savdo to‘siqlarini kamaytirish, Akina va Turg‘undi chegara-o‘tish punktlari atrofidagi infratuzilmalarni rivojlantirish, qo‘shma investitsiyalarni kengaytirish, shuningdek, neft-gaz va energetika sohalarida hamkorlikni chuqurlashtirish masalalarini muhokama qildilar.
Afg‘oniston ishbilarmonlar doirasi savdo va logistika imkoniyatlarini yanada chuqurroq o‘rganish maqsadida 100 nafar turkmanistonlik tadbirkor va investorlardan iborat delegatsiyani Afg‘onistonga taklif etishni tavsiya etdi.
Turkmaniston Savdo-sanoat palatasi ushbu tashabbusni qo‘llab-quvvatlashini ma'lum qilib, ikki tomonlama ishbilarmonlik aloqalarini izchil rivojlantirishga tayyorligini tasdiqladi.
Mutaxassislarning fikricha, Turkmaniston mintaqada energetika xavfsizligini ta'minlashda hamda yirik infratuzilma loyihalarini amalga oshirishda muhim o‘rin egallaydi. Shular qatoriga TAPI (Turkmaniston–Afg‘oniston–Pokiston–Hindiston) gaz quvuri va qo‘shma elektr uzatish tarmoqlari kabi loyihalar ham kiradi.
Yangi tranzit yo‘lagining yaratilishi ikki davlat o‘rtasidagi savdo aylanmasini kengaytirishga, logistika imkoniyatlarini oshirishga va mintaqada transport-aloqa tizimining rivojlantirilishiga o‘z hissasini qo‘shishi mumkin.







Izohlar
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'ling.