Turkmanistonning ijodiy jamoasi 5–9-oktabr kunlari Qozog‘istonning Turkiston shahrida o‘tkazilgan TURKSOYning IV Xalqaro talabalar teatr festivalida ishtirok etdi. Xo‘ja Ahmad Yassaviy nomidagi Xalqaro qozoq-turk universiteti ko‘magida tashkil etilgan festivalda turkman talabalari tomonidan namoyish etilgan «Bedew sarpasy» sahna asari sovrinli o‘rinni egalladi.

Xalqaro festivalda Qozog‘iston, Ozarbayjon, Qirg‘iziston, O‘zbekiston, Turkmaniston va Turkiyaning talabalar teatr jamoalari qatnashdi. Ishtirokchilar o‘z sahna asarlarida xalqlarining milliy merosi, urf-odatlari va zamonaviy hayotini aks ettirdilar.

Festival hakamlar hay’ati tarkibidan ishtirokchi mamlakatlarning taniqli madaniyat va san’at namoyandalari, jumladan, Turkmaniston xalq artisti Ashyrmyrat Gurbanov ham o‘rin oldi.

Turkmaniston Davlat madaniyat institutining teatr san’ati yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalari festivalda «Bedew sarpasy» sahna asarini namoyish etdilar. Turkman xalqining faxri bo‘lgan mashhur axaltaka otlarini madh etuvchi asarning adabiy asosini institut talabasi Shageldi Salyhow Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguly Berdimuhamedovning «Atda wepa-da bar, sapa-da» hamda «Türkmeniň döwletlilik ýörelgesi» nomli kitoblari asosida tayyorladi. Sahna asarini institut o‘qituvchisi Merdan Handurdyýew sahnalashtirdi.

Festival yakunlariga ko‘ra, turkman talabalarining chiqishi «Milliy mavzuning sahnada eng yaxshi ifodasi» nominatsiyasi bo‘yicha mukofot bilan taqdirlandi. Ishtirokchilarga xalqaro festival kubogi, TURKSOY Bosh kotibiyati hamda Xo‘ja Ahmad Yassaviy nomidagi Xalqaro qozoq-turk universitetining faxriy yorlig‘i, shuningdek, Turkiston shahri hokimligining minnatdorlik xati topshirildi.

Bu muvaffaqiyat turkman xalqining milliy madaniy merosi va axaltaka otlarining shuhratiga bag‘ishlangan san’at asarlarini xalqaro sahnada tanitishda muhim ahamiyatga ega.