Belgiyaning Air Belgium aviakompaniyasi Ashxobod xalqaro aeroportiga ilk muntazam yuk reysini amalga oshirib, Osiyodan Yevropaga tovarlar tashish uchun yangi havo yo‘lini ochdi.
Aviakompaniyaning ushbu reysi Ashxobod aeroportining xalqaro yuk tashish tizimidagi ahamiyatini oshiruvchi yangi yo‘nalishlardan biriga aylandi. Yangi yo‘nalish orqali Osiyo mamlakatlaridan turli yuklarni Belgiya va boshqa Yevropa bozorlariga tashish uchun imkoniyat yaratilmoqda.
Air Belgium kompaniyasining yerusti amallari bo‘yicha direktori Matye Vituk Ashxobod xalqaro aeroportiga yangi reysni yo‘lga qo‘yishga bergan ko‘magi uchun minnatdorchilik bildirdi.
«Bu bizning Ashxobod shahriga ilk reysimiz. Bu imkoniyatdan juda mamnunmiz. Ashxobod aeroportiga ko‘rsatgan yordami va mehmondo‘stligi uchun minnatdorchilik bildiramiz. Osiyodan Belgiyaga yuklarimizni tashishda ushbu hamkorlik muhim ahamiyatga ega. Biz uni ko‘p yillar davomida davom ettirishni umid qilamiz», — dedi u.
Air Belgium markazi Belgiyaning Mon-Sen-Giber shahrida joylashgan bo‘lib, asosan xalqaro yuk havo qatnovlariga ixtisoslashgan aviakompaniyadir.
Ashxobod orqali yangi muntazam yuk yo‘nalishining ochilishi Turkmanistonning geografik jihatdan qulay joylashuvi va poytaxtning xalqaro logistika tizimidagi imkoniyatlari yanada kengayib borayotganini ko‘rsatadi.







Izohlar
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'ling.