AQShning 66 yoshli fuqarosi Tim Endryus genetik jihatdan o‘zgartirilgan cho‘chqa buyragi bilan rekord darajada to‘qqiz oy yashaganidan so‘ng, inson donoridan buyrak transplantatsiyasini muvaffaqiyatli o‘tkazdi. Bu haqda The New York Times nashri xabar berdi.
Endryus gipertoniya va qandli diabet oqibatida buyrak yetishmovchiligidan aziyat chekkan. Uning qon guruhi kamyob bo‘lgani sababli mos inson donorini topish imkoniyati sezilarli darajada kam edi. Shu bois u 2025-yilning yanvar oyida genetik jihatdan o‘zgartirilgan cho‘chqadan olingan buyrakni ko‘chirib o‘tkazish bo‘yicha tajriba operatsiyasiga rozilik bergan.
Cho‘chqa buyragi 271 kun davomida bemorning organizmida ishlashini davom ettirgan. Bu davrda organ qonni tozalash vazifasini bajarib, Endryusga dializ muolajasidan voz kechish imkonini bergan. Bemorning istagi ochilib, tana vazni va mushak massasi tiklangan.
Keyinchalik buyrak qon tomirlarida qon laxtalari hosil bo‘lgani sababli transplantatsiya qilingan organni olib tashlashga to‘g‘ri kelgan. Shunga qaramay, mazkur tajriba ksenotransplantatsiya, ya'ni hayvon organlarini insonga ko‘chirib o‘tkazish imkoniyatlarini o‘rganish uchun muhim ma'lumotlarni berdi.
2026-yilning yanvar oyida Endryus mos inson donoridan buyrak oldi. Shifokorlarning ta'kidlashicha, bu holat genetik jihatdan o‘zgartirilgan hayvon organlarini oldindan ko‘chirib o‘tkazish keyingi inson buyragining transplantatsiyasiga to‘sqinlik qilmasligini ko‘rsatdi.
Operatsiya AQShning Oziq-ovqat va farmatsevtika mahsulotlari sifatini nazorat qilish boshqarmasi (FDA) dasturi doirasida amalga oshirildi. Ushbu dasturda biotexnologiya kompaniyasi eGenesis tomonidan tayyorlangan genetik jihatdan o‘zgartirilgan cho‘chqa buyraklari beshta bemorga ko‘chirib o‘tkazildi. Ularning uchtasi shunday organlar bilan sakkiz oydan ortiq yashadi.
Mutaxassislar genetik jihatdan o‘zgartirilgan hayvon organlarini inson donorini kutayotgan bemorlar uchun vaqtinchalik «ko‘prik» sifatida ishlatish mumkinligini o‘rganmoqdalar. Tim Endryusning holati esa kelgusida ksenotransplantatsiya texnologiyalarini rivojlantirish uchun muhim klinik tajribalardan biri sifatida baholanmoqda.







Izohlar
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'ling.