Buyuk Britaniyaning Surrey grafligidagi ko‘p yillardan beri foydalanilmay kelayotgan tashlandiq mulklardan biridan 1928-yilda ishlab chiqarilgan noyob «Bentley 4.5 Litre Sports Tourer» avtomobili topildi. Ushbu rusumdagi avtomobildan atigi 720 dona ishlab chiqarilgani qayd etiladi. Mutaxassislarning baholashicha, bunday tarixiy avtomobilning qiymati bir necha million dollarga yetishi mumkin.

Ma’lumotlarga ko‘ra, avtomobil uzoq yillar davomida harakatlanmagan va texnik xizmat ko‘rsatilmagan bo‘lsa-da, «Vanden Plas» kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan asl kuzovini saqlab qolgan. Transport vositasi 1935-yilda sotib olingan va shu vaqtdan buyon bir britaniyalik oilaning mulki bo‘lib kelgan. Oila a’zolari uni qimmatli oilaviy meros sifatida asrab-avaylashgan.

Dastlabki texnik ko‘rik avtomobil kapoti ostida ikkita karbyurator bilan jihozlangan, quvvati 110 ot kuchigacha bo‘lgan to‘rt silindrli atmosferali dvigatel mavjudligini ko‘rsatdi.

Mutaxassislarni eng ko‘p tashvishga solayotgan masala — kuzovning hozirgi holati. Chunki uning yog‘ochdan yasalgan karkasi va yupqa po‘lat panellari uzoq vaqt davomida atrof-muhit ta’sirida shikastlangan bo‘lishi mumkin.

Mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, avtomobil zavoddan chiqqanida qora rangda bo‘lgan bo‘lishi ehtimol. Biroq uning asl bo‘yog‘i saqlanib qolganmi yoki keyinchalik qayta bo‘yalganmi, hozircha aniqlanmagan.

Bunday noyob «Bentley» avtomobillarining auksionlardagi narxi ularning texnik holati, tarixi va o‘ziga xosligiga qarab farqlanadi. Masalan, 1928-yilda ishlab chiqarilgan yana bir nusxa shu yilning may oyida «Broad Arrow» auksionida taxminan 400 ming dollarga sotilgan.

Shuningdek, uzluksiz egalik tarixi va o‘zaro mos keladigan shassi raqamlari bilan ajralib turadigan RL3427 raqamli «Bentley» 2021-yilda «Sotheby's» auksionida 1 million 105 ming dollarga sotilgan.

Topilgan avtomobil kelgusida qanday restavratsiya ishlaridan o‘tkazilishi va uning yakuniy bozor qiymati qancha bo‘lishi haqida hozircha ma’lumot berilmagan.