Angliya milliy terma jamoasining sobiq sardori Devid Bekhem Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) prezidentligiga o‘z nomzodini ilgari surishi mumkin. «Sky Sports» telekanali ma’lumotlariga ko‘ra, «Inter Mayami» futbol klubining 51 yoshli hamegasi rasmiy taklif va futbol assotsiatsiyalarining qo‘llab-quvvatlovi bo‘lgan taqdirda saylov poygasida qatnashishga tayyor.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Yevropa futbol federatsiyalari, jumladan, UEFA ham FIFAning amaldagi prezidenti Janni Infantinoning o‘rniga boshqa nomzod izlamoqda. Infantino 2016-yildan buyon tashkilotga rahbarlik qilib kelmoqda va yana bir muddatga o‘z nomzodini ilgari surishni rejalashtirmoqda.
Bekhemning ehtimoliy nomzodi uning futbol olamida keng tanilganligi, korrupsiya mojarolari bilan bog‘liq emasligi hamda Shimoliy Amerikaning MLS ligasida boshqaruv tajribasini orttirgani bilan izohlanmoqda.
Prezidentlikka ehtimoliy boshqa nomzodlar qatorida Portugaliya milliy terma jamoasining sobiq futbolchisi Luis Figu, «Arsenal» klubining sobiq bosh murabbiyi Arsen Venger, UEFA prezidenti Aleksander Cheferin va Norvegiya futbol federatsiyasi rahbari Lise Klaveness ham tilga olinmoqda.
FIFA prezidentligi uchun saylovlar 2027-yil mart oyida o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Nomzodlarni ilgari surishning oxirgi muddati esa 2026-yil 18-noyabr hisoblanadi. Hozirgi vaqtda ushbu lavozimga rasman ro‘yxatga olingan yagona nomzod Janni Infantino hisoblanadi.







Izohlar
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'ling.