Elektr energiyasida harakatlanadigan dunyodagi eng yirik kema — “China Zorrilla” o‘zining ilk safarini amalga oshirdi. Uzunligi 130 metr bo‘lgan ushbu zamonaviy suv transporti vositasi 2 ming 100 nafar yo‘lovchi va 225 ta avtomobilni tashishga mo‘ljallangan.
Kemaga umumiy og‘irligi 250 tonnadan ortiq bo‘lgan batareyalar o‘rnatilgan. U Argentina va Urugvay o‘rtasida yo‘lovchi tashish qatnovlarini amalga oshiradi. Kema Janubiy Amerikada dengiz yo‘lovchi tashuvlari bilan shug‘ullanuvchi “Buquebus” kompaniyasining buyurtmasiga binoan Avstraliyaning “Incat Tasmania” kompaniyasi tomonidan qurilgan.
“China Zorrilla” ilk qatnovini Argentina poytaxti Buenos-Ayresdan Urugvayning Koloniya shahrigacha La-Plata daryosi orqali amalga oshirdi. O‘zaro birlashtirilgan ikki qismdan iborat kemaning yo‘lovchilar uchun mo‘ljallangan qismida umumiy maydoni 2 ming 300 kvadrat metr bo‘lgan boj olinmaydigan savdo do‘konlari ham joylashgan. Kema 55 kilometr uzunlikdagi yo‘nalishda qatnaydi.
To‘liq elektr energiyasida harakatlanadigan kemaning asosiy xususiyatlaridan biri — uning shovqinsiz ishlashidir. Neft yoqilg‘isida ishlaydigan dvigateldan foydalanilmasligi shovqin darajasining past bo‘lishini ta’minlaydi.
“China Zorrilla” kemasi qurilgan Avstraliyaning Xobart shahridagi kemasozlik korxonasida elektr energiyasida harakatlanadigan boshqa kemalar qurilishi ham davom etmoqda. Ular orasida Daniyaning “Molslinjen” kompaniyasi uchun tayyorlanayotgan uzunligi 129 metr bo‘lgan uchta kema bor. Bundan tashqari, uzunligi 78 metrga yetadigan ikkita gibrid dvigatelli kema ham qurilmoqda.
Ushbu loyihalar dengiz transportida elektr energiyasidan foydalanish ko‘lami kengayib borayotganini hamda atrof-muhitga ta’sirni kamaytirishga qaratilgan texnologiyalar rivojlanayotganini ko‘rsatadi.









Izohlar
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'ling.