Turkmaniston poytaxti Ashgabat shahri yana dunyo energetika hamjamiyati jamlanadigan markazga aylanadi. 2026-yilning 21–23-oktabr kunlari bo‘lib o‘tadigan «Turkmaniston nebiti va gazi – OGT 2026» XXXI xalqaro konferensiyasi va ko‘rgazmasida ishtirok etishni xohlovchilarni ro‘yxatga olish rasman boshlandi.
Bu galgi forum «Energiya. Hamkorlik. Rivojlanish.» degan chuqur ma’noli shior ostida tashkil etilmoqda. Konferensiya dunyoning yetakchi energetika mutaxassislari, transmilliy kompaniyalar rahbarlari, xalqaro investorlar va eng zamonaviy texnologiya yetkazib beruvchilarni bir joyga jamlaydi. Asosiy maqsad — Yevroosiyo mintaqasida va dunyo miqyosida energetika hamkorligining yangi yo‘nalishlarini belgilashdan iboratdir.
2025-yildagi muvaffaqiyatli tajribaga tayanadigan ushbu forum o‘z ko‘lamini borgan sari kengaytirmoqda. Eslatib o‘tsak, o‘tgan yilgi tadbirda dunyoning 70 davlatidan 1400 dan ortiq vakil ishtirok etib, OGT maydonchasining mintaqadagi obro‘si qanchalik yuqori ekanligini isbotladi.
Konferensiya kun tartibida dunyodagi eng yirik quruqlikdagi gaz konlaridan biri bo‘lgan «Galkinish» konini o‘zlashtirish masalasi alohida o‘rin tutadi. Ushbu konni o‘zlashtirishning to‘rtinchi bosqichiga start berilishi, Turkmanistonning dunyo energiya bozoridagi o‘rnini yanada mustahkamlaydi.
Yangi bosqichning amalga oshirilishi bilan:
- Yiliga qo‘shimcha 10 milliard kubometr tovar gazi ishlab chiqariladi.
- Xalqaro investorlar uchun yangi imkoniyatlar ochiladi.
- Mintaqa va dunyo energetika xavfsizligi mustahkamlanadi.
Shuningdek, Turkmaniston bilan Xitoy o‘rtasidagi 20 yillik strategik hamkorlik va «PETRONAS» kompaniyasining mamlakatdagi 30 yillik samarali faoliyati Turkmanistonning ishonchli hamkor sifatidagi qiyofasini tasdiqlovchi aniq misollardir.
«OGT 2026» nafaqat xomashyo resurslarini, balki energetika tizimining raqamli kelajagini ham muhokama qiladi. Forum davomida quyidagi yo‘nalishlarga alohida e’tibor qaratiladi:
- Ishlab chiqarish jarayonlarini avtomatlashtirish.
- Metan chiqindilarini kamaytirish va uglerodni tutib qolish texnologiyalari.
- Yangi energiya manbalarini o‘zlashtirish.
- Turkmaniston energiya resurslarini dunyo bozorlariga chiqarishning yangi yo‘nalishlari, jumladan TAPI loyihasi.
Konferensiya doirasida nafaqat ilmiy va texnik munozaralar, balki to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishbilarmonlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish uchun ham keng sharoitlar yaratiladi. Yuqori darajadagi yalpi majlislar, B2B (biznesdan biznesga) va B2G (biznesdan hukumatga) uchrashuvlari yangi shartnomalar tuzilishiga turtki bo‘ladi.
Hozirgi vaqtda konferensiyada ishtirok etish uchun ro‘yxatdan o‘tish davom etmoqda. Qiziqish bildirayotgan barcha tomonlar va mutaxassislar ro‘yxatdan o‘tish va qo‘shimcha ma’lumot olish uchun «OGT 2026» ning rasmiy veb-saytiga murojaat qilishlari mumkin.







Izohlar
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'ling.