Germaniya Federativ Respublikasining Turkmanistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Petra Daxtler Turkmanistonga qishloq xo‘jaligi uchun zamonaviy nemis texnikalarini yetkazib beruvchi hamda ularga texnik xizmat ko‘rsatuvchi ERDEM kompaniyasiga tashrif buyurdi. Bu haqda Germaniya diplomatik vakolatxonasining rasmiy veb-saytida xabar berildi.
Tashrif davomida elchi korxona faoliyati, qishloq xo‘jaligida qo‘llaniladigan nemis texnologiyalari va ularning ishlab chiqarish jarayonlaridagi ahamiyati bilan tanishdi. Petra Daxtler kompaniya mutaxassislarining kombayn va traktorlarni Turkmanistonning mahalliy iqlim sharoitlariga mos ravishda takomillashtirish, shuningdek, dehqonlarning alohida ehtiyojlarini hisobga olgan holda tegishli yechimlarni taklif etish borasidagi ishlariga yuqori baho berdi.
«Nemis tajribasi va innovatsion texnologiyalarining Turkmaniston qishloq xo‘jaligini rivojlantirishga muhim hissa qo‘shayotganidan juda xursandman. Kompaniya mutaxassislarining yangi g‘oyalar yordamida kombayn va traktorlarni mahalliy iqlim sharoitlariga moslashtirish hamda dehqonlarning ehtiyojlariga javob beradigan yechimlarni topish borasidagi ishlari menda alohida taassurot qoldirdi», — deb ta’kidladi Petra Daxtler.
Elchi kompaniya rahbari Sary Atayev bilan uchrashuvi davomida Turkmaniston qishloq xo‘jaligi sohasida turgan dolzarb vazifalar va rivojlanish istiqbollarini muhokama qildi. Shuningdek, dehqonlarning qishloq xo‘jaligi texnikalaridan foydalanish bo‘yicha kasbiy ko‘nikmalarini oshirish, ularni maxsus tayyorgarlik kurslariga jalb etish hamda talabalarning bilimini takomillashtirish muhimligi ta’kidlandi.
Tashrif davomida Petra Daxtler CLAAS rusumli traktorni boshqarib ko‘rish imkoniyatidan ham foydalandi. U ushbu imkoniyat uchun kompaniya rahbariyatiga minnatdorlik bildirdi.
So‘nggi yillarda qishloq xo‘jaligiga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, ishlab chiqarish jarayonlarini mexanizatsiyalashtirish va mutaxassislar tayyorgarligini oshirish Turkmaniston va Germaniya o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikning muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qolmoqda.









Izohlar
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'ling.