O‘zbekiston Respublikasining Turkmanistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Ravshanbek Alimov Turkmaniston Davlat madaniyat markazining Davlat kutubxonasiga tashrif buyurib, kutubxona faoliyati va uning kitob fondi bilan tanishdi.
Tashrif davomida elchi Gahryman Arkadag va Arkadagly Gahryman Serdarning o‘zbek tiliga tarjima qilingan asarlari ko‘rgazmasini tomosha qildi. Shuningdek, kutubxonaning «Xorijiy tillardagi adabiyotlar» bo‘limidagi tarjima nashrlari, «Noyob nashrlar» bo‘limida saqlanayotgan qadimiy kitoblar va dastlabki bosma nashrlar bilan tanishdi.
Uchrashuvda Davlat kutubxonasi rahbari bilan O‘zbekistonda barpo etilayotgan yangi shaharda 2027-yilda ochilishi rejalashtirilgan kutubxona bilan o‘zaro kitob almashinuvini yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi. Xususan, o‘zbek tilidagi kitoblarni almashish yuzasidan fikr almashildi.
Suhbat davomida Ravshanbek Alimov Gahryman Arkadagning «Hakyda göwheri» kitobi yaqinda O‘zbekistonda o‘zbek tilida taqdim etilganini ma’lum qildi. Shuningdek, u yaqin kunlarda ushbu kitobni Davlat kutubxonasiga sovg‘a qilishni rejalashtirayotganini bildirdi.
Tashrif yakunida O‘zbekistonning Turkmanistondagi elchisi Turkmaniston Davlat madaniyat markazining Davlat kutubxonasiga «Go‘ro‘g‘li» dostonining o‘zbek tiliga tarjima qilingan nashrini sovg‘a qildi.
Ushbu sovg‘a ikki mamlakat o‘rtasidagi madaniy va adabiy aloqalarni rivojlantirish, shuningdek, ikki xalqning adabiy merosini keng kitobxonlar ommasiga tanishtirishda muhim ahamiyatga ega.









Izohlar
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'ling.