Shveytsariyaning Jeneva shahrida joylashgan Birlashgan Millatlar Tashkilotining (BMT) Millatlar saroyida Turkman zalining yangilangan ko‘rinishi taqdimotiga bag‘ishlangan marosim bo‘lib o‘tdi. BMTning tarixiy merosini saqlash bo‘yicha strategik rejasi doirasida tashkil etilgan tadbir ochiq eshiklar kuniga to‘g‘ri keldi.

Marosimda BMTning Jenevadagi bo‘limi bosh direktori Tatyana Valovaya, bir qator diplomatik vakolatxonalar rahbarlari, xalqaro ekspertlar hamda Turkmanistonning BMTdagi Jeneva doimiy vakolatxonasi vakillari ishtirok etdilar.

1930-yillarda Millatlar Ligasi ehtiyojlari uchun qurilgan tarixiy binoda joylashgan Turkman zali Turkmanistonning milliy madaniyati va san’atini dunyoga tanitishda muhim o‘rin tutadi. Zalni dastlabki keng ko‘lamli restavratsiya qilish ishlari 2014-yilda Turkmaniston hukumati ko‘magida amalga oshirilgan edi. BMTning tarixiy merosni saqlash bo‘yicha strategik rejasining navbatdagi bosqichida esa zal zamonaviy texnologiyalar yordamida yangilandi.

Yangilash ishlari davomida zalning tarixiy qiyofasi va milliy o‘ziga xos xususiyatlarini saqlab qolishga alohida e’tibor qaratildi. Jumladan, uning bezagida foydalanilgan qadimiy mebellar hamda turkman gilamdo‘zlik san’atining noyob namunalari dastlabki ko‘rinishida saqlab qolindi.

Ochiq eshiklar kuni davomida mehmonlar Turkman zali bilan bir qatorda, Kengash zali, Fransuz, Rus va Chexoslovakiya zallarining bezak xususiyatlari bilan ham tanishish imkoniga ega bo‘ldilar.

Yangilangan Turkman zali yuqori darajadagi muzokaralar o‘tkazish, xalqaro vositachilik faoliyatini amalga oshirish va ko‘p tomonlama diplomatik aloqalarni rivojlantirish uchun muhim maydon bo‘lib qolmoqda.

Mazkur loyiha Turkmanistonning Birlashgan Millatlar Tashkiloti bilan hamkorligining muhim yo‘nalishlaridan birini aks ettiradi. Shuningdek, u turkman xalqining milliy madaniy merosini xalqaro miqyosda targ‘ib qilishga va turli xalqlarning madaniy qadriyatlariga hurmatni mustahkamlashga xizmat qiladi.