Hindistonning Reliance Industries konglomeratiga qarashli telekommunikatsiya bo‘linmasi — Jio Platforms kompaniyasi aksiyalarini fond birjasiga joylashtirishga tayyorlanmoqda. Dastlabki ommaviy aksiyalar taklifi (IPO) hajmi 3,2 milliard dollarni tashkil etadi. Bu Hindiston tarixidagi eng yirik IPO bo‘lishi kutilmoqda. BBC xabariga ko‘ra, 21-oktabr kuni aksiyalarga buyurtmalar qabul qilish boshlanganidan bir necha soat o‘tib, investorlar talabi taklif etilgan aksiyalar sonidan oshib ketgan.

Osiyoning eng boy odami Mukesh Ambaniga tegishli Jio kompaniyasi 2016-yilda bozorga juda arzon tariflar bilan kirib keldi. Natijada Hindistondagi telekommunikatsiya operatorlari soni 17 tadan uchtagacha qisqardi. O‘sha davrda kompaniya raqobatchilari bilan narxlar urushini olib borayotgani uchun tanqid qilingan edi.

Yaqinda Ilon Mask Mukesh Ambanini «Hindistonning haqiqiy xo‘jayini» deb atab, Jio kompaniyasi Starlink’ning Hindiston bozoriga kirishiga to‘sqinlik qilishga urinayotganini da’vo qildi. Reliance ushbu ayblovlarni rad etib, bozordagi raqobatni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.

2026-yilga kelib, Jio abonentlari soni taxminan 553 million kishiga yetdi. Kompaniya Hindistondagi simsiz keng polosali internet bozorining qariyb 50 foizini, simli internet bozorining esa 40 foizdan ortig‘ini egallaydi. Shuningdek, mamlakatdagi mobil internet trafigining 60 foizi Jio tarmog‘i orqali amalga oshiriladi.

Har bir abonentning ma’lumot sarfi ham ortib bormoqda. 2024-yilda bir foydalanuvchi oyiga o‘rtacha 28,7 gigabayt internet sarflagan bo‘lsa, 2026-yilda bu ko‘rsatkich 42,3 gigabaytga yetdi.

Mutaxassislarning fikricha, kompaniyaning birjaga chiqishi uning tarif siyosatiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin. IPO doirasida amaldagi egalari o‘z ulushlarini taxminan 3 foizga kamaytirishni rejalashtirmoqda. KamayaKya Wealth Management kompaniyasi asoschilaridan biri Niti Shahning ta’kidlashicha, bozor ulushini oshirish uchun arzon tariflardan foydalanish davri asta-sekin yakunlanmoqda. Aksiyalari birjada joylashtirilganidan so‘ng kompaniya moliyaviy natijalari haqida minoritar aksiyadorlarga ham hisobot berishi kerak bo‘ladi.

Motilal Oswal tahliliga ko‘ra, Jio kompaniyasining kelajakdagi o‘sishi har bir abonentdan olinadigan o‘rtacha daromadni oshirishga bog‘liq bo‘ladi. Buning asosiy yo‘nalishlari sifatida 5G xizmatlarini kengaytirish, tariflarni oshirish va simsiz keng polosali internet xizmatlarini rivojlantirish ko‘rsatilgan.

Tahlilchilar tarif siyosatining o‘zgarishi Jio raqobatchilariga, ayniqsa Vodafone Idea kompaniyasiga foyda keltirishi mumkinligini taxmin qilmoqda. Narxlar bo‘yicha bosimning kamayishi boshqa operatorlarga bozordagi mavqeini mustahkamlash imkonini berishi mumkin. Biroq tariflarning yana oshirilishi ayrim abonentlarning arzonroq rejalarni taklif qiluvchi operatorlarga o‘tishiga ham sabab bo‘lishi mumkin.

Ushbu joylashtirish Reliance Industries kompaniyasining 20 yildan ortiq vaqt ichidagi ilk aksiyalar taklifi bo‘ladi. So‘nggi bir yil ichida kompaniya aksiyalari narxi taxminan 20 foizga pasaydi. Shunga qaramay, WealthMills Securities baholashiga ko‘ra, Reliance so‘nggi 30 yil davomida investorlarga yiliga o‘rtacha 30 foiz daromad keltirgan.