Shanxay fond birjasining sun’iy intellekt va yarimo‘tkazgichlar sohasidagi yetakchi Xitoy kompaniyalarini o‘z ichiga olgan STAR50 indeksi to‘rt oyga yetmagan davrda qariyb 40 foizga pasaydi. Natijada indeks tarkibidagi kompaniyalarning umumiy bozor qiymati taxminan 480 milliard dollarga kamaydi. Bu haqda Reuters agentligi xabar bermoqda.
Xitoyning yirik kompaniyalari aksiyalarini qamrab oluvchi CSI300 indeksi ham iyun oyida qayd etilgan eng yuqori ko‘rsatkichidan qariyb 20 foizga tushdi. Shu tariqa, iqtisodiyotni rag‘batlantirish bo‘yicha kutilayotgan chora-tadbirlar ta’sirida ikki yil davom etgan o‘sish to‘xtadi. Taqqoslash uchun, AQShning Nasdaq indeksi uch hafta oldin erishgan rekord darajasidan taxminan 6 foizga pasaydi.
Bozor ishtirokchilarining ta’kidlashicha, aksiyalarning ommaviy sotilishiga bitta aniq sabab yo‘q. Kompaniyalar bozor qiymatining yuqoriligi, soliq to‘lovlari, shuningdek, Xitoyda ishlab chiqarilgan uskunalardan AQSh va boshqa mamlakatlardagi ma’lumotlarni qayta ishlash markazlarida foydalanishga cheklovlar joriy etilishi ehtimoli bunga ta’sir ko‘rsatgan bo‘lishi mumkin.
Goldman Sachs investitsiya banki ma’lumotlariga ko‘ra, sun’iy intellekt sohasidagi kompaniyalar Xitoy fond bozorining umumiy kapitallashuvining 42 foizini, materik Xitoy va Gonkong birjalaridagi jami savdo hajmining esa 57 foizini tashkil etadi. Ushbu bozorda xususiy investorlarning ulushi ham yuqoriligicha qolmoqda.
Aksiyalar narxining pasayishi, ayniqsa, xususiy investorlar orasida mashhur bo‘lgan kompaniyalarga ta’sir ko‘rsatdi. Avgust oyida aksiyalari savdoga chiqarilgan robot ishlab chiqaruvchi Unitree kompaniyasining aksiyalari o‘z qiymatining qariyb yarmini yo‘qotdi. CXMT chip ishlab chiqaruvchisining aksiyalari esa so‘nggi bir oy ichida chorakdan ko‘proqqa arzonlashdi.
MetaX Integrated Circuits va Moore Threads Technology kompaniyalari aksiyalari iyul oyidan beri taxminan ikki baravar pasaydi. Optik uskunalar ishlab chiqaruvchi Zhongji Innolight va Eoptolink Technology kompaniyalari aksiyalari esa AQShga eksport cheklovlari joriy etilishi mumkinligi haqidagi xavotirlar fonida iyun–iyul oylaridagi eng yuqori darajasidan qariyb 60 foizga tushdi.
Shunga qaramay, STAR50 indeksining qiymati kompaniyalarning so‘nggi 12 oylik foydasiga nisbatan taxminan 100 baravar darajada qolmoqda. Nasdaq 100 indeksida bu ko‘rsatkich qariyb 30 baravarni tashkil etadi. Bu Xitoyning sun’iy intellekt kompaniyalari aksiyalari hanuz yuqori baholanayotganini ko‘rsatadi.
Ayrim investorlar aksiyalar narxi bundan keyin ham pasayishi mumkinligini taxmin qilmoqda. Lotus Asset Management kompaniyasining boshqaruvchi hamkori Hun Hao fikricha, hozirgi vaziyat ayrim kompaniyalarning fond birjasiga chiqish rejalariga ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Boshqa bozor ishtirokchilari esa vaziyatga nisbatan mo‘tadilroq baho bermoqda. Goldman Sachs Innolight va CXMT kompaniyalarini Xitoyning sun’iy intellekt sohasidagi tavsiya etilayotgan aksiyalarining yangilangan ro‘yxatiga kiritdi. BNP Paribas Securities strategisti Uilyam Bretton esa joriy bozor sharoitini ehtiyotkor investorlar uchun yangi imkoniyatlar manbai sifatida ta’rifladi.
HSBC ma’lumotlariga ko‘ra, Osiyo investitsiya fondlari so‘nggi uch oy davomida Xitoy aktivlarini sotgan bo‘lsa-da, ularning investitsiya portfellarida Xitoy aktivlarining ulushi umuman olganda yuqori darajada qolmoqda.
Xitoyning Qimmatli qog‘ozlar bozorini tartibga solish komissiyasi Reuters agentligining ushbu masala yuzasidan yuborgan so‘roviga javob bermadi. Oktabr oyi boshida komissiya raisi U Szin bozor holatini yaxshilash choralarini muhokama qilish uchun bozor vakillari bilan uchrashgan edi.









Izohlar
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'ling.