
Ko‘ytendog‘ deganda, yurtimizning o‘ziga xos takrorlanmas go‘zalligi va mo‘jizalari bilan ko‘rganni hayratga soladigan go‘shasi ko‘z oldimizda gavdalanadi. Nafaqat Turkmaniston, balki dunyo sayyohlarining e’tiborini tortadigan dinozavrlar izi qolgan baland tekislik, sirli tog‘ g‘orlari, Daraydere, Tutlidere, Umbardere, Qirqqiz kabi tog‘ daralari, ko‘zi ojiz baliqlar yashaydigan yer osti ko‘li, Unabi (Arnap) o‘rmoni, yurtimizning eng baland nuqtasi Ayribobo tizmasi tabiatning noyob tuhfalaridir.
Ko‘ytendog‘ning eng diqqatga sazovor joylaridan biri G‘arliqdagi “Xojag‘aynar”, xalq orasida esa “G‘aynarbobo” nomi bilan mashhur bo‘lgan noyob buloqdir. Uzunligi 40, eni 30 metrga yaqin, chuqurligi ba’zi joylarda 3 metr bo‘lgan bu buloqni ba’zan ko‘l deb ham atashadi. Ikki xil buloqning birlashishidan hosil bo‘lgan bu suv shifobaxsh bo‘lgani uchun mahalliy aholi uni muqaddas deb biladi. Buloqlarning biri o‘ta tiniqligi, ikkinchisi esa vodorod sulfid ko‘pligi sababli oqish-loyqaligi bilan ajralib turadi. Aholi ularni “oq suv” va “ko‘k suv” deb ataydi. Suvning yer ostidan qaynab chiqayotgandek ko‘rinishi uning “G‘aynarbobo” nomini olishiga sabab bo‘lgan.
Turkman xalqining Milliy Lideri Qahramon Arkadagimiz “Turkmaniston – Buyuk Ipak yo‘lining yuragi” kitobida: “Uning shifobaxsh xususiyatlari olimlar tomonidan tasdiqlangan. Yer ostidan otilib chiqayotgan suv xuddi «qaynayotgandek» ko‘pirib turadi, ehtimol bu joyning «G‘aynarbobo» deb atalishiga shu asos bo‘lgandir”, deb yozadi. Mashhur olim Soltansho Ataniyozov ham “Xoja” so‘zi bu yerda “muqaddas” ma’nosini anglatishini ta’kidlagan.
Zamonaviy ilm-fan G‘aynarbobo suvi tarkibidagi minerallar teri, asab va ovqat hazm qilish tizimi kasalliklarini davolashda foydali ekanini tasdiqlaydi. Suv haroratining yil bo‘yi 22 daraja atrofida saqlanishi uning asosiy xususiyatlaridan biridir.
Ko‘lning yana bir qiziq tomoni – hech qanday daryo bilan bog‘lanmagan bo‘lsa-da, unda baliqlarning yashashidir. Olimlarning fikricha, qushlarning oyog‘iga yopishib kelgan baliq uvildiriqlari bu yerda baliq ko‘payishiga sabab bo‘lgan. Baliqlar odamlardan qo‘rqmaydi, chunki bu yerda baliq ovlash taqiqlangan. Shuningdek, ko‘lda Yura davridan qolgan mollyuskalar va umurtqasiz jonzotlar uchraydi, shu sababli olimlar uni “jonli muzey” deb atashadi. Faqat shu yerda uchraydigan 3-4 sm li “g‘arliq dadrani” deb ataladigan noyob chig‘anoqlar ham mavjud.
Keywords