Niderlandiyalik Mark van Bommel futbol boʻyicha Belgiya milliy terma jamoasining bosh murabbiyi lavozimiga tayinlandi. Bu haqda Belgiya Qirollik futbol assotsiatsiyasi matbuot xizmati xabar bermoqda. Van Bommel oʻz vazifalarini bajarishga 15-avgustdan kirishadi, u bilan tuzilgan shartnoma 2028-yilgi Yevropa chempionatining oxirigacha moʻljallangan. 20-iyul kuni federatsiya 2025-yil yanvar oyidan beri belgiyasshikalarga rahbarlik qilgan fransuz Rudi Garsiyaning bosh murabbiy lavozimidan ketganini eʼlon qildi. Van Bommel 49 yoshda. Uning oxirgi ishlagan joyi 2022-yildan 2024-yilgacha rahbarlik qilgan Belgiyaning “Antverpen” klubi boʻldi. Uning rahbarligida jamoa 2023-yilda Belgiya chempionati, Kubogi va Superkubogini qoʻlga kiritdi. Oʻsha yilda niderlandiyalik mutaxassis Belgiya chempionatida mavsumning eng yaxshi murabbiyi deb tan olindi. Murabbiylik faoliyati davomida van Bommel Germaniyaning “Volfsburg” va Niderlandiyaning “PSV” klublariga ham rahbarlik qilgan, Avstraliya, Saudiya Arabistoni va Niderlandiyaning turli yoshdagi milliy terma jamoalari murabbiylar shtabida ishlagan. Futbolchi sifatida u “PSV” safida toʻrt marta Niderlandiya chempioni boʻlgan, “Barselona” bilan bir marta Ispaniya chempionati va Chempionlar ligasini, “Bavariya” bilan ikki marta Germaniya chempionatini va “Milan” bilan bir marta Italiya chempionatida gʻolib chiqishga erishgan. Niderlandiya milliy terma jamoasi safida van Bommel 2010-yilgi jahon chempionatining kumush medali sohibi boʻlgan.