O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligini barqaror rivojlantirish va suv resurslaridan oqilona foydalanish masalalariga bag‘ishlangan xalqaro o‘quv dasturi tashkil etildi. Unda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va Ozarbayjonning tegishli sohalarda faoliyat yurituvchi 30 nafar mutaxassisi hamda davlat idoralari vakillari ishtirok etdi.

Olti kun davom etgan o‘quv dasturi mintaqa mamlakatlari o‘rtasida qishloq xo‘jaligi sohasida tajriba almashish, ilg‘or usullarni o‘rganish va hamkorlikni rivojlantirish uchun muhim maydonga aylandi. Tadbirni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Boshqaruv samaradorligini oshirish agentligi, qishloq xo‘jaligi va suv resurslari bo‘yicha tegishli vazirliklar hamda «Agrobank» tashkiliy jihatdan qo‘llab-quvvatladi.

Dastur doirasida ishtirokchilar Toshkent shahrida, shuningdek, Toshkent va Samarqand viloyatlarida joylashgan yetakchi ishlab chiqarish korxonalari hamda ilmiy-tadqiqot markazlarida bo‘lib, qishloq xo‘jaligida qo‘llanilayotgan zamonaviy texnologiyalar bilan tanishdilar.

O‘quv mashg‘ulotlarida qishloq xo‘jaligida klaster tizimini joriy etish, mahsulotlarning qo‘shilgan qiymatini oshiradigan ishlab chiqarish zanjirlarini shakllantirish va sug‘orish infratuzilmasini modernizatsiya qilish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, iqlim o‘zgarishi sharoitida suv resurslaridan yanada samarali foydalanish imkonini beradigan suv tejovchi texnologiyalarning amaliy ahamiyati muhokama qilindi.

Xalqaro dasturning yakuniy kuni qishloq xo‘jaligi ta’limini takomillashtirish, ilmiy salohiyatni mustahkamlash hamda mintaqaning agrosanoat majmuasi uchun yuqori malakali yosh kadrlarni tayyorlash masalalariga bag‘ishlandi.

Ushbu o‘quv dasturi Markaziy Osiyo mamlakatlari va Ozarbayjon o‘rtasida qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, suv resurslarini tejab boshqarish hamda bu yo‘nalishda o‘zaro tajriba almashish borasidagi hamkorlikni kengaytirishga xizmat qiladi.