SpaceX yaqin ikki-uch yilda Starlink sun’iy yo’ldosh tarmog’ining o’tkazuvchanligini taxminan 100 baravar oshirishni mo’ljallamoqda. Bu haqda Ilon Mask Ron Beron bilan intervyusida aytdi. Agar bashorat amalga oshsa, tarmoqning umumiy sig’imi hozirgi 800 Tbit/s dan 80 Pbit/s gacha o’sishi mumkin.

SpaceX rahbarining so’zlariga ko’ra, hozir orbitada 11 mingga yaqin Starlink sun’iy yo’ldoshi bor, ularning aksariyati V2 versiyasiga tegishli. Kompaniya V3 apparatlarini uchirishni allaqachon boshlagan, ularning har birining imkoniyatlari avvalgilaridan o’n baravardan ko’proq. SpaceX yangi avlod sun’iy yo’ldoshlaridan o’n baravar ko’proq orbitaga chiqarishni ham maqsad qilgan.

Dastlabki 26 ta faol Starlink V3 sun’iy yo’ldoshi sentyabr oyida Starship’ning 14-sinov parvozi vaqtida joylashtirildi. Keyingi bosqich V4 versiyasiga o’tish bo’ladi: Mask so’zlariga ko’ra, bunday apparatlar V3 dan taxminan o’n baravar quvvatli bo’ladi.

Ko’rsatilgan 800 Tbit/s — bu sun’iy yo’ldosh guruhining umumiy o’tkazuvchanligi, alohida abonent ulanish tezligi emas. Ushbu ko’rsatkichning yuz baravar o’sishi tarmoqqa ancha ko’proq foydalanuvchiga xizmat ko’rsatish va sezilarli darajada katta hajmdagi ma’lumotlarni uzatish imkonini beradi.

Bundan tashqari, Mask SpaceX kelajakda an’anaviy telekommunikatsiya kompaniyalaridan birini sotib olishi mumkinligini istisno qilmadi. Bu qo’shimcha radiochastotalarga kirish imkonini berib, mavjud spektrdan samaraliroq foydalanishga yordam bergan bo’lardi. U sotib olish uchun aniq nomzodlarni nomlamadi.