Noyabr oyida Turkmanistonda madaniyat va ta’lim sohalariga oid bir qator xalqaro tadbirlar bo‘lib o‘tadi. Ular qatoridan Ashxobodda tashkil etiladigan Koreya madaniyati haftaligi, Yevropa madaniyati kunlari hamda V xalqaro teatr festivali o‘rin olgan. Bu haqda Vazirlar Mahkamasining majlisida Bosh vazir o‘rinbosari Bahar Seyidova rejalashtirilgan tadbirlar va yangi ijtimoiy-madaniy obyektlarning ochilish marosimlari yuzasidan hisobot berar ekan, ma’lum qildi.
TDH xabariga ko‘ra, noyabr oyida 2026-yilning «Mustaqil, doimiy betaraf Turkmaniston — maqsad sari intiluvchi tulporlar yurti» shioriga bag‘ishlangan forumlar ham o‘tkaziladi. Ushbu tadbirlar yosh avlod orasida Turkmaniston tarixi, madaniyati va milliy an’analarini keng targ‘ib etishga qaratilgan.
Shuningdek, alohida yutuqlarga erishgan yoshlarga «Turkmaniston yoshlari mukofoti»ni topshirish marosimi tashkil etiladi. Oliy ta’lim muassasalarida esa turli fanlar bo‘yicha xalqaro internet olimpiadalarini o‘tkazish rejalashtirilgan.
Ashxobod shahridagi bolalar bog‘chalari, umumta’lim maktablari va bolalar san’at maktablarida «Gül çagalar aýdym-sazly mekanda» nomli musiqa festivali bo‘lib o‘tadi. Bundan tashqari, shoir va yozuvchilarning hayoti hamda ijodiga bag‘ishlangan ijodiy uchrashuvlar tashkil etiladi.
Xalqaro madaniy hamkorlik doirasida poytaxtda Koreya madaniyati haftaligi, Yevropa madaniyati kunlari hamda Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga a’zo mamlakatlar Madaniy hamkorlik kengashining navbatdagi yig‘ilishi o‘tkaziladi. Shuningdek, Ashxobodda «Baxtiyor davr teatr san’ati» nomli V xalqaro teatr festivali tashkil etiladi.
Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov rejalashtirilgan tadbirlar, bayramlar, shuningdek, yangi obyektlarga poydevor qo‘yish va ularni foydalanishga topshirish marosimlariga puxta tayyorgarlik ko‘rish muhimligini ta’kidladi. Davlat rahbari Bosh vazir o‘rinbosariga Qurilish va sanoat majmuasi xodimlari kuni hamda Hosil bayrami munosabati bilan o‘tkaziladigan tantanalarning yuqori tashkiliy saviyada tashkil etilishini ta’minlashni topshirdi.









Izohlar
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'ling.