O‘zbekistonda lotin yozuvi asosida ishlab chiqilgan o‘zbek alifbosining yangi tahriri to‘g‘risidagi qonun imzolandi. Hujjat 2027-yil 22-apreldan kuchga kiradi.
Yangilangan alifbo 28 ta harf va apostrof belgisidan iborat bo‘ladi. Yangi qoidalarga muvofiq, ilgari ikki harf birikmasi bilan ifodalangan ayrim tovushlar endilikda alohida belgilar orqali yoziladi. Xususan, «Sh» o‘rniga «Ş», «Ch» o‘rniga «Ç», «Oʻ» o‘rniga «Ö», «Gʻ» o‘rniga esa «Ğ» ishlatiladi. Shuningdek, «Ng» birikmasi alifboning alohida birligi sifatida qabul qilinmaydi.
Qonun kuchga kirganidan keyin ikki oy ichida O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi yangilangan alifboga o‘tish dasturini tasdiqlashi lozim. Ushbu dasturda yangi imlo qoidalarini turli sohalarda bosqichma-bosqich joriy etish muddatlari belgilanadi.
Yangi alifbo rasman kuchga kirganidan so‘ng ommaviy axborot vositalari va davlat idoralari tasdiqlangan yozuv shaklidan foydalanishlari shart bo‘ladi. Rasmiy hujjatlarni tayyorlashda ham yagona alifboga o‘tish ko‘zda tutilgan. Yangi qoidalarga muvofiq tayyorlangan maktab darsliklarini 2031-yilgacha nashr etish rejalashtirilgan.
Shu bilan birga, 2027-yil 22-aprelgacha avvalgi alifboda tayyorlangan hujjatlar, milliy valyuta va qimmatli qog‘ozlar o‘z kuchini saqlab qoladi hamda muomalada bo‘lishda davom etadi.
Davlat idoralarining avvalgi ramzlari, binolardagi davlat gerbi tasvirlari, yozuvlar va geografik nomlar ko‘rsatilgan yo‘l belgilaridan esa ular jismonan eskirguniga qadar yoki hukumat dasturida belgilangan muddatlargacha foydalanishga ruxsat beriladi.
Yangilangan alifboning tasdiqlanishi O‘zbekistonda yozuv tizimini birxillashtirish va lotin yozuvidan foydalanishni bosqichma-bosqich takomillashtirish borasida olib borilayotgan ishlarning bir qismi hisoblanadi.









Izohlar
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'ling.