BMTning Jahon turizm tashkiloti (UN Tourism) 10-Butunjahon gastronomik turizm forumini o‘tkazish uchun Ozarbayjonni tanladi. Xalqaro tadbirni 2027-yil iyun oyida mamlakatning Gabala shahrida o‘tkazish rejalashtirilgan.

Ozarbayjon Davlat turizm agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, forum mamlakatning boy milliy oshpazlik merosini dunyoga tanitish va gastronomik turizmni rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Forum doirasida xalqaro turizm va gastronomiya sohasi vakillari Ozarbayjonning milliy taomlari, oshpazlik an’analari hamda mahalliy mahsulotlari bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Shuningdek, tadbir turli mamlakatlar mutaxassislari o‘rtasida tajriba almashish va yangi hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish uchun maydon bo‘lishi kutilmoqda.

Butunjahon gastronomik turizm forumi UN Tourism tashabbusi bilan 2015-yildan buyon o‘tkazib kelinadi. Unda turizm va gastronomiya sohasi mutaxassislari, mahsulot ishlab chiqaruvchilar, tadbirkorlar hamda davlat idoralari vakillari ishtirok etadi.

Forumning asosiy maqsadi gastronomik turizm sohasida bilim va tajriba almashishni rag‘batlantirish, muvaffaqiyatli tajribalarni ommalashtirish hamda milliy oshxonaning sayyohlik yo‘nalishlari jozibadorligini oshirishdagi rolini mustahkamlashdan iborat.

2027-yilda o‘tkaziladigan forum Ozarbayjonning milliy oshpazlik madaniyatini xalqaro miqyosda keng targ‘ib qilish va mamlakatning gastronomik turizm salohiyatini rivojlantirishga hissa qo‘shadi.