Amerikalik olimlar muntazam ravishda qahva ichish jigar sirrozi, saraton kasalliklari va turli jigar patologiyalari xavfini sezilarli darajada kamaytirishini aniqladi. Clinical Gastroenterology and Hepatology ilmiy jurnalida chop etilgan yangi tadqiqot ushbu mashhur ichimlikning foydali ta’sirining biokimyoviy mexanizmlarini ochib berdi.
Tadqiqot AQShning Cedars-Sinai tibbiyot markazi mutaxassislari tomonidan Britaniya biobankining 354 957 nafar ishtirokchisi haqidagi ma’lumotlar asosida amalga oshirildi. Olimlar 13 yil davomida insonlarning sog‘lig‘i, odatlari va tibbiy ma’lumotlarini kuzatib bordilar.
Natijalar shuni ko‘rsatdiki, kuniga besh yoki undan ortiq piyola qahva ichadiganlarda jigar sirrozi xavfi 32 foizga, jigar saratoni xavfi 47 foizga, jigar kasalliklaridan vafot etish ehtimoli esa 42 foizga kamayadi. Eng yuqori himoya ta’siri kuniga uch-to‘rt piyola qahva ichadiganlarda kuzatilgan.
Shuningdek, kofeinsiz qahva ichuvchilarda ham ijobiy natijalar qayd etildi. Bu esa qahvaning foydasi faqat kofein bilan emas, balki antioksidantlar va polifenollar kabi moddalar bilan ham bog‘liqligini ko‘rsatadi.
Mutaxassislar qahvaning foydali jihatlariga qaramay, qon bosimi yuqori, yurak muammolari yoki uyqusizlikdan aziyat chekadigan insonlar ehtiyot bo‘lishlari kerakligini eslatmoqda. Shuningdek, me’yoriy vaznni saqlash va sog‘lom turmush tarziga rioya qilish jigarni himoya qilishda muhim ahamiyatga ega.







Izohlar
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'ling.