Turkmaniston va Germaniya o‘rtasidagi hamkorlik doirasida ayni paytda nemis shifokorlari va professorlari xizmat safari bilan Turkmanistonda bo‘lib turibdi. Ular turkmanistonlik hamkasblari bilan kardiologiya va kardiojarrohlik yo‘nalishlarida tajriba almashmoqda. Bu haqda «Turkmaniston» gazetasida xabar berildi.

Mutaxassislar yurak-qon tomir kasalliklarining oldini olish, ularni erta bosqichda aniqlash, davolash va bemorlarni reabilitatsiya qilish bo‘yicha zamonaviy tibbiy usullarni amaliyotga joriy etish ustida hamkorlikda ish olib bormoqda.

Tashrif davomida germaniyalik shifokorlar bemorlarni tekshiradi va ularga maslahatlar beradi. Shuningdek, turkmanistonlik shifokorlar bilan birgalikda yurak operatsiyalarini o‘tkazish rejalashtirilgan.

Myunxen shahridagi tug‘ma yurak nuqsonlari va bolalar kardiojarrohligi bo‘yicha universitet klinikasi direktori, kardiolog, professor Yurgen Hyorer tug‘ma yurak nuqsonlari bolalarda uchraydigan kasalliklardan biri ekanini ta’kidladi. Uning aytishicha, ayrim holatlarda jarrohlik amaliyoti zarur bo‘ladi. Ayniqsa, yangi tug‘ilgan chaqaloqlarda operatsiyani o‘z vaqtida o‘tkazish muhim ahamiyatga ega.

Professor Yurgen Hyorer Turkmaniston va Germaniya o‘rtasida kardiologiya hamda kardiojarrohlik sohalaridagi hamkorlik tobora rivojlanayotganini, nemis mutaxassislari turkmanistonlik hamkasblari bilan muntazam ravishda operatsiyalar o‘tkazayotganini qayd etdi. Uning ta’kidlashicha, ayrim tug‘ma yurak nuqsonlarini nisbatan oddiy jarrohlik usullari bilan davolash mumkin, boshqalari esa murakkab operatsiyalarni talab qiladi va bunday amaliyotlarda xavf yuqori bo‘lishi mumkin.

Xalqaro kasbiy hamkorlik shifokorlarning tajribasini oshirish, zamonaviy davolash usullarini o‘zlashtirish va yurak kasalliklaridan aziyat chekayotgan bemorlarga ko‘rsatiladigan tibbiy yordam sifatini yaxshilashga xizmat qiladi.