Qirg‘izistonda ma’muriy-hududiy islohotlarning ikkinchi bosqichi doirasida viloyat va tumanlarni tugatib, ularning o‘rnida 20 ta aymaq (okrug) tashkil etish rejalashtirilmoqda. Bu haqda mamlakat Mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish ishlari bo‘yicha davlat agentligi direktori Elchibek Jantayev ma’lum qildi.

«Kabar.kg» agentligining xabar berishicha, islohot natijasida mamlakatning ma’muriy tuzilmasida sezilarli o‘zgarishlar yuz beradi. Aymaqlar soni 20 tadan oshishi kutilmoqda.

Qirg‘izistonda ma’muriy-hududiy islohotlar 2023-yilda boshlangan. Birinchi bosqichda ayrim tumanlarning chegaralari o‘zgartirildi, shuningdek, bir nechta aholi punkti shaharlar tarkibiga kiritildi.

Hozirgi vaqtda mamlakatda 40 dan ortiq tuman, 7 ta viloyat va 33 ta shahar mavjud. Rejalashtirilayotgan o‘zgarishlar mahalliy boshqaruv tizimini takomillashtirishga qaratilgan.