
Donishmand shoirimiz Maxtumquli Firog‘iy: «Ramazon deyilur oyning yaxshisi» deya, ushbu muqaddas oyning ta’rifini keltirgan. Ramazon oyining birinchi navbatda ta’kidlash lozim bo‘lgan afzalligi — unda musulmonlarning muqaddas kitobi, insoniyatga yo‘l ko‘rsatuvchi karomatli Qur’on oyatlari nozil bo‘la boshlaganidir. Bu oyning nomi xalq ongida ro‘za bilan ham uzviy bog‘liq. «Ro‘za» so‘zi ikki ma’noda qo‘llaniladi. Birinchisi: og‘iz yopish (ro‘za tutish) marosimi. Orqasidan «oy» so‘zi qo‘shilganda esa, u ro‘za farzi ado etiladigan Ramazon oyini anglatadi. VII asrdan beri ado etib kelinayotgan, badanning zakoti hisoblangan ro‘za Ramazon oyining qiymatini oshiradi. «Yaramazon» aytuvchi bolalar esa yangi Oy chiqqanini odamlarga xushxabar qilib, katta shodlik bilan uylarni aylanadilar. Muqaddas Ramazon oyida musulmonlar ro‘za tutib, tarovih namozlarini o‘qiydilar. Bu oy ahillik, birdamlik, tinchlik, ota-ona va kattalarga bo‘lgan hurmat, shuningdek, insonparvarlik ulug‘lanadigan davrdir.
Shu bilan bog‘liq holda, Qahramon Arkadag‘imiz «Umrimning ma’nosi» nomli kitobida: «Ro‘za oyi insonparvarlik, xayr-saxovat, kechirimlilik, o‘zaro yordam, odamiylik, ahillik, hurmat-ehtirom, yomon odatlardan uzoqlashib, foydali ko‘nikmalar orttirish oyidir» deb, bu oyning ahamiyatini juda o‘rinli ta’kidlaydi. Ramazon oyida ro‘za tutish islomning besh farzidan biridir. Ro‘za tutish insonni ibodatga chorlaydi, shafqatli bo‘lishga undaydi hamda nafsni jilovlashga, yomon odatlardan tiyilishga yordam beradi. Bu muqaddas oyda sadaqa, mol-mulkdan zakot berishning, ma’lum sabablarga ko‘ra ro‘za tutolmagan bo‘lsang-da, ro‘zadorlarga iftorlik qildirib berishning hamda saharlikka (salalikka) turuvchilarga taom tayyorlab berishning savobi juda ulug‘dir. Payg‘ambarimiz hadislaridan birida: «Ro‘za tuting, badaningiz baquvvat va sog‘lom bo‘lsin!» deb marhamat qilganlar. Haqiqatdan ham, ro‘za qalbning, badanning va nafsning poklovchi tabibidir.
Bu oyning yana bir xususiyati — muborak Qadr kechasining nishonlanishidir. Qadr kechasi Ramazon oyining 26-sidan 27-siga o‘tar kechasiga to‘g‘ri keladi. Muqaddas Qur’onning «Qadr» surasi ham aynan shu kechada nozil qilingani ta’kidlanadi. Ming oydan afzal hisoblangan, farishtalar yerga tushadigan, gunohlar kechiriladigan bu kechadan insonlarning umidlari katta. Odamlar bir-birlariga xushniyat so‘zlar aytib, oila tinchligi va rizq-baraka tilaydilar. Ramazon oyi yakunlangach, masjidlarda el-yurtimiz jam bo‘lib, Hayit namozini o‘qiydilar va bir-birlariga: «Ro‘zangiz, duo-tilaklaringiz qabul bo‘lsin! Kelgusi yillarga ham sog‘-omonlik, ahillik bilan yetkazsin! Yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo bo‘lsin!» deya pok orzularini bayon etadilar. Bu musulmon ummatining Alloh taologa yaqinlashish uchun qiladigan yuksak ibodatidir.
«Mustaqil, doimiy Neytral Turkmaniston — tulporlar qanotida amalga oshgan orzular yurti» yilimizda katta ruhlanish bilan kutib olingan muqaddas Ramazon oyi har bir oilaga rizq-baraka, farovonlik hamda bitmas-tuganmas baxt keltirsin! Xayr-saxovat va insonparvarlik ulug‘lanadigan bu oyda xalqimiz osoyishtaligi, ona Vatanimiz ravnaqi uchun qilinadigan toat-ibodatlar, duo-tilaklar va beriladigan sadaqalar Buyuk Parvardigor dargohida qabul bo‘lsin! Saxovatlilik va insonparvarlikning yuksak namunasini ko‘rsatayotgan Qahramon Arkadag‘imizning hamda hurmatli Prezidentimizning jonlari sog‘, umrlari uzoq bo‘lsin, davlat ahamiyatiga molik buyuk ishlari doimo zafarlarga burkansin!
Keywords