Rossiya hukumati haydovchilik guvohnomasisiz transport vositasini boshqarganlik uchun jarimalarni oshirishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini Davlat Dumasi ko‘rib chiqishi uchun taqdim etdi. Taklifga ko‘ra, amaldagi 5 ming rubldan 15 ming rublgacha bo‘lgan jarima miqdorini 15 ming rubldan 30 ming rublgacha oshirish rejalashtirilmoqda.
Qonun loyihasi amaldagi haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lmagan shaxslarga nisbatan qo‘llanadi. Bu hujjatining amal qilish muddati tugagan haydovchilarni, shuningdek, haydovchilik kurslarida o‘qimagan va tegishli guvohnomani olmagan shaxslarni ham qamrab oladi.
Shu bilan birga, transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum etilganiga qaramay, avtomobil haydashda davom etayotgan shaxslarga ushbu taklif tatbiq etilmaydi. Amaldagi qonunchilikda bunday qoidabuzarliklar uchun alohida javobgarlik choralari belgilangan.
Qonun loyihasida qoidabuzarlikni takroran sodir etganlik uchun ham yangi javobgarlik choralarini joriy etish taklif qilinmoqda. Hozirda Rossiya Ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi kodeksida haydovchilik guvohnomasisiz avtomobilni takroran boshqarganlik uchun alohida norma mavjud emas. Yangi taklifga ko‘ra, bunday holatda jarima 30 ming rubldan 50 ming rublgacha bo‘lishi mumkin.
Bundan tashqari, tegishli qaror chiqarilganidan keyingi birinchi oy ichida jarimani to‘laganlarga beriladigan 25 foizlik chegirmani bekor qilish rejalashtirilmoqda.
Qonun loyihasi Rossiya Davlat Dumasi tomonidan ko‘rib chiqiladi. Taklif etilayotgan o‘zgarishlar kuchga kirishi uchun ular qonunchilikda belgilangan tartibda qabul qilinishi lozim.









Izohlar
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'ling.