Qozog‘iston Milliy banki milliy naqshlar va aqiq toshi bilan bezatilgan yangi “Aqyq” kumush tangasini muomalaga chiqardi. U to‘lov vositasi sifatida foydalanish bilan bir qatorda, bo‘yinga taqiladigan taqinchoq sifatida ham mo‘ljallangan. Bu haqda TASS agentligiga tayanib, MilliInfo xabar bermoqda.

Yangi tanganing dizayni undan ikki xil maqsadda foydalanish imkonini beradi. Shu sababli tanganing yuqori qismida zanjir yoki ip o‘tkazish uchun maxsus teshik ochilgan.

“Aqyq” nomi qozoq tilidagi “ақық” so‘zidan olingan. Bu so‘z zargarlik buyumlarini tayyorlashda ishlatiladigan xalsedon guruhiga mansub minerallarni, jumladan, aqiq toshini anglatadi.

Tanga Qozog‘iston zarbxonasida 925 probali kumushdan tayyorlangan. Uning og‘irligi 20 gramm, diametri esa 3,3 santimetrni tashkil etadi. Tanga milliy naqshlar va aqiq toshi bilan bezatilgan. Uning chiqarilish hajmi 5 ming nusxa bilan cheklangan.

“Aqyq” tangasining nominal qiymati 1 000 qozoq tengesiga teng bo‘lib, bu taxminan 2 AQSh dollarini tashkil etadi. Qozog‘iston Milliy bankining ta’kidlashicha, tanga kolleksion va bezak qiymatiga ega bo‘lishiga qaramay, rasmiy to‘lov vositasi hisoblanadi. Shu bois mamlakatning butun hududida turli hisob-kitoblarda nominal qiymati bo‘yicha qabul qilinishi lozim.

Yangi tanga savdosi 27-oktabr kuni Qozog‘iston Milliy bankining rasmiy internet-do‘konida boshlanishi kutilmoqda.