Rossiyaning Sechenov universiteti olimlari COVID-19 bilan kasallanganidan keyin koronavirusning ayrim izlari inson organizmida uzoq vaqt saqlanib qolishi va turli kasalliklarning rivojlanishiga ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini aniqladilar. Bu haqda «RIA Novosti» axborot agentligi universitet matbuot xizmatiga tayanib xabar berdi.

Tadqiqotlar davomida mutaxassislar koronavirus RNKsi (ribonuklein kislotasi) va oqsillarini infeksiya o‘tkazilganidan bir necha oy, hatto yillar o‘tganidan keyin ham aniqladilar. Ushbu izlar o‘pka, oshqozon-ichak tizimi, yurak va endometriyda, ya’ni bachadonning ichki qavatida topildi.

Olimlarning ma’lumotlariga ko‘ra, COVID-19 dan keyingi davr o‘pkaning surunkali obstruktiv kasalliklari rivojlanishi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Ayrim bemorlarda uzoq vaqt davom etadigan yallig‘lanish jarayonlari ham kuzatilgan.

Tadqiqotlarda COVID-19 dan keyingi holatning o‘pka saratoni, jigardagi o‘zgarishlar, oshqozon-ichak tizimi kasalliklari, jumladan, ingichka va yo‘g‘on ichak hamda oshqozonosti beziga oid kasalliklar, shuningdek, yurak-qon tomir tizimi faoliyatidagi buzilishlar bilan ehtimoliy bog‘liqligi ham o‘rganildi.

Mutaxassislarning ushbu yo‘nalishdagi tadqiqotlari koronavirus infeksiyasidan keyin organizmda yuz beradigan uzoq muddatli o‘zgarishlarni yaxshiroq tushunish va COVID-19 dan keyingi holatning turli kasalliklar rivojlanishiga ta’sirini o‘rganish imkonini beradi. Biroq kasalliklar o‘rtasida bog‘liqlik aniqlanishi ularning bevosita koronavirus sababli kelib chiqqanini anglatmaydi.