
Qadim zamonlardan to bugungi kungacha shamoldan tez chopuvchi axaltaka otlari turkman xalqining ruhiy tiklanishi va parvoz qanoti hisoblanib kelgan. Axaltaka otlarimiz o‘z ildizini juda qadimgi davrlardan olishini tarix isbotlaydi. Turkmaniston hududida olib borilgan qazuv-izlanish ishlari natijasida axaltaka otining besh ming yil muqaddam xonakilashtirilgani isbotlandi. Juda qadimgi davrlarda paydo bo‘lib, sayislar (ot o‘rgatuvchilar) tomonidan mukammal ko‘rinishga keltirilgan turkman otlari dunyodagi ko‘plab ot zotlarining yaxshilanishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatgan. Bu haqda Qahramon Arkadagimiz: «Shamoldan tez chopuvchi otlar haqidagi ma’lumotlar qadimgi Misr fir’avnlari yozuvlarida, qadimgi olimlar va yozuvchilar – Gerodot, Strabon, Aristotel, Gomer, Ovidiy, Vergiliy, Ksenofont va boshqa mashhur olimlarning solnomalari hamda asarlarida uchraydi», deb ta’kidlaydi. Shu bilan birga, Anov, Margush, Go‘nurtepa, Oltintepa va mamlakatimizning boshqa hududlarida o‘tkazilgan arxeologik tadqiqotlar natijasida topilgan ot suyaklari va boshqa topilmalar Vatanimiz dunyoda ilk bor otlar xonakilashtirilgan va zoti takomillashtirilgan maskan ekanligidan dalolat beradi.
Ota-bobolarimiz asrlar davomida axaltaka otlarining tozaqonligini saqlash uchun alohida g‘amxo‘rlik qilib kelganlar. Hozirgi davrda ham o‘z boshlanishini ming yilliklar qa’ridan oluvchi axaltaka otlarining zot tozaligini saqlash, otchilik san’atining milliy tamoyillari va urf-odatlarini qayta tiklash bo‘yicha ulkan ishlar amalga oshirilmoqda. Natijada, mamlakatimizda milliy otchilik tarmog‘i yangi marralarga olib chiqilib, otchilik-sport infratuzilmasini, ot sporti turlarini va milliy otchilik an’analarini rivojlantirish, mahoratli chavandozlar va otshunoslarning yosh avlodini voyaga yetkazish borasida keng ko‘lamli ishlar hayotga tatbiq etilmoqda, bu yo‘nalishda xalqaro hamkorlik rivojlantirilmoqda.
Keywords