19–20-oktabr kunlari Toshkent shahrida Markaziy Osiyo mamlakatlari shaharlari barqarorligi bo‘yicha II mintaqaviy muloqot bo‘lib o‘tdi. Unda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston hukumatlari vakillari, shahar rahbarlari hamda xalqaro ekspertlar ishtirok etdi.

Tadbir O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar va xavflarni kamaytirish bo‘yicha mintaqaviy markaz hamda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot dasturi (BMTTD) tomonidan Yaponiya hukumatining moliyaviy va ekspert ko‘magida tashkil etildi. Uchrashuvning asosiy maqsadi aholi va shahar infratuzilmasini iqlim bilan bog‘liq xavflar hamda tabiiy ofatlardan himoya qilish uchun amaliy yechimlarni ishlab chiqishdan iborat bo‘ldi.

Muloqot doirasida Shaharlar barqarorligi koalitsiyasi a’zolari soni beshtadan o‘ntagacha oshdi. Avval ushbu birlashmaga Petropavlovsk, O‘sh, Dushanbe, Ashxobod va Namangan shaharlari kirgan edi. Endilikda ularga Bishkek, Manas, Isfara, Farg‘ona va Qo‘qon shaharlari ham qo‘shildi. Yangi a’zolarning ayrimlari Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) ko‘magidan foydalanmoqda.

Koalitsiya seysmik va iqlimiy xavflarni hisobga olgan holda shaharlarni uzoq muddatli rejalashtirish bo‘yicha tajriba va bilim almashish, shuningdek, ilg‘or amaliyotlarni joriy etish uchun muhim platforma bo‘lib xizmat qiladi. Bishkek shahar hokimligi vakili ushbu birlashmani mintaqa mamlakatlarining sa’y-harakatlarini birlashtiruvchi «soyabon» — umumiy tomga qiyosladi.

Uchrashuv davomida besh mamlakatning milliy seysmologiya institutlari o‘rtasida ham memorandum imzolandi. Ushbu hujjat ilmiy ma’lumotlar almashinuvini rivojlantirish, hamkorlikni muvofiqlashtirish va seysmik faollikni birgalikda baholashga qaratilgan.

Muloqot ishtirokchilari tabiiy xavflarning oldini olish choralarini amalga oshirish va barqaror infratuzilmaga sarmoya kiritish muhimligini alohida ta’kidladilar. Ularning qayd etishicha, bu boradagi ishlar inson hayotini saqlab qolish, shaharlar xavfsizligini oshirish va erishilgan iqtisodiy natijalarni himoya qilishga yordam beradi.

Uchrashuv doirasida ilgari surilgan tashabbuslar tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish, iqlim o‘zgarishiga moslashish va barqaror shaharlarni rivojlantirish bo‘yicha xalqaro maqsadlarga erishishga qaratilgan. Xususan, ular Senday harakatlar doirasi, Parij iqlim kelishuvi hamda BMTning 2030-yilgacha bo‘lgan Barqaror rivojlanish kun tartibini amalga oshirishga hissa qo‘shadi.