Ashxobod shahrida bo‘lib o‘tayotgan «Turkmaniston nefti va gazi — OGT 2026» nomli 31-xalqaro konferensiya va ko‘rgazma mehmonlarini ALI nomli odam qiyofasidagi robot kutib oldi. Sun’iy intellekt texnologiyalari asosida ishlaydigan ushbu qurilma ko‘rgazma ishtirokchilariga energetika sohasida qo‘llaniladigan zamonaviy aqlli tizimlarning imkoniyatlarini namoyish etish maqsadida taqdim qilindi.
ALI (Artificial Learning & Intelligence) nomi bilan tanishtirilgan robot Xitoyning Unitree Robotics kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan Unitree G1 gumanoid robotidir. Xalqaro forum doirasida u raqamlashtirish, avtomatlashtirish va sun’iy intellekt asosidagi innovatsion yechimlarning ahamiyatini namoyish etuvchi texnologiyalardan biri bo‘ldi.
Unitree G1 atrof-muhit bilan mustaqil ravishda o‘zaro aloqada bo‘lish, turli harakatlarni bajarish va har xil turdagi obyektlar bilan ishlash uchun mo‘ljallangan. Sun’iy intellekt va mashinaviy o‘rganish texnologiyalarini birlashtirgan imkoniyatlari uning harakatlarini takomillashtirish hamda murakkabroq vazifalarni bajarishiga sharoit yaratadi.
Qurilmaning bo‘yi taxminan 132 santimetrni, akkumulyatori bilan birgalikdagi og‘irligi esa 35 kilogrammni tashkil etadi. Komplektatsiyasiga qarab, robot 23 tadan 43 tagacha harakatlanuvchi bo‘g‘in bilan jihozlanadi. Shuningdek, u sakkiz yadroli protsessor, chuqurlikni aniqlovchi kamera va fazoni uch o‘lchamda tahlil qilish uchun mo‘ljallangan 3D LiDAR datchigi bilan ta’minlangan. Robot Wi-Fi 6 va Bluetooth 5.2 simsiz aloqa texnologiyalarini ham qo‘llab-quvvatlaydi.
Unitree G1 robotining akkumulyatori taxminan ikki soatgacha mustaqil ishlash imkonini beradi. Harakatlarni boshqarish va kuchni nazorat qilish tizimlari uning turli obyektlar bilan ishlashini ta’minlaydi. Mashinaviy o‘rganish algoritmlaridan foydalanish esa robotning harakatlanish ko‘nikmalarini rivojlantirish va bajaradigan vazifalarini takomillashtirishga yordam beradi.
ALI robotining OGT 2026 ko‘rgazmasida namoyish etilishi energetika sohasida raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt yechimlarini qo‘llashga bo‘lgan qiziqish ortib borayotganini ko‘rsatadi. Bunday innovatsion ishlanmalar ishlab chiqarish jarayonlarini avtomatlashtirish, ma’lumotlarni tahlil qilish va turli texnologik amallarning samaradorligini oshirish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.
«Turkmaniston nefti va gazi — OGT 2026» xalqaro konferensiya va ko‘rgazmasi Turkmaniston Savdo-sanoat palatasida o‘tkazilmoqda. Tadbir 23-oktabrgacha davom etadi.







Izohlar
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'ling.