AQSh Prezidenti Donald Tramp 2026-yilda o‘tkazilgan futbol bo‘yicha jahon chempionati AQSh iqtisodiyotiga ulkan hissa qo‘shganini ma’lum qildi. Uning aytishicha, musobaqa mamlakat iqtisodiyotiga 18 milliard dollardan ortiq daromad keltirib, 160 mingdan ziyod ish o‘rnining yaratilishiga yoki qo‘llab-quvvatlanishiga imkon bergan.
Tramp bu haqda o‘zining «Truth Social» ijtimoiy tarmog‘idagi yozuvida xabar berdi. Prezident jahon chempionati turizm, xizmatlar va tadbirkorlik faolligiga ijobiy ta’sir ko‘rsatganini ta’kidladi.
2026-yilgi futbol bo‘yicha jahon chempionati 11-iyundan 19-iyulgacha AQSh, Meksika va Kanadada o‘tkazildi. Musobaqa ilk bor 48 ta milliy terma jamoa ishtirokida tashkil etildi.
AQSh ilgari surgan ma’lumotlarda jahon chempionatining mamlakat iqtisodiyotiga ta’siri yuqori bo‘lishi kutilayotgani ta’kidlangandi. Oq uyning FIFA 2026 bo‘yicha ishchi guruhining ma’lumotlarida musobaqaning AQShda jami 17,2 milliard dollar miqdorida umumiy ichki mahsulot yaratishiga va 185 mingdan ortiq ish o‘rnining ochilishiga zamin yaratishi taxmin qilingandi.
Shuningdek, Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) rahbariyati kelgusida jahon chempionatida qatnashadigan terma jamoalar sonini yana-da oshirish imkoniyatini ko‘rib chiqish mumkinligini ilgari surgandi.
2026-yildagi chempionatning uch mamlakat hududida o‘tkazilishi xalqaro sport tadbirlarining nafaqat futbol rivojiga, balki turizm, savdo, xizmat ko‘rsatish sohasi va mehnat bozoriga ham ta’siri katta ekanini ko‘rsatdi.







Izohlar
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'ling.