
Turkiyada sun’iy intellektni (SI) joriy etish bilan bog‘liq loyihalarni amalga oshirish uchun kamida 10 milliard AQSh dollari miqdorida xususiy sarmoya yo‘naltiriladi. Bu haqda respublika Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an xabar berdi.
«Turkiya mudofaa sanoatida to‘plangan tajriba va imkoniyatlarini boshqa yo‘nalishlarga, birinchi navbatda, sun’iy intellekt tizimiga o‘tkazish uchun faol harakat qilmoqda. Biz ma’lumotlarni qayta ishlash markazlari infratuzilmasini, bulutli texnologiyalarni va sun’iy intellektni rivojlantirish maqsadida kamida 10 milliard dollar xususiy sarmoyani harakatga keltiramiz. Davlat investitsiya dasturlarimiz mablag‘larining kamida 2 foizini sun’iy intellekt sohasidagi loyihalarni amalga oshirish uchun ajratamiz. 2030-yilga qadar mamlakatimizdagi ma’lumotlarni qayta ishlash markazlarining umumiy quvvatini kamida 1 GVt ga yetkazamiz», — dedi Erdog‘an Istanbulda sun’iy intellekt bo‘yicha harakatlar rejasining taqdimot marosimida.
Uning ta’kidlashicha, Turkiyada sun’iy intellekt sohasida 10 ming mutaxassis va sun’iy intellektni qo‘llash bo‘yicha taxminan 100 ming mutaxassisni tayyorlash rejalashtirilmoqda.
«Biz Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (IHTT), G20, BMT hamda boshqa xalqaro maydonlarda inson markazli sun’iy intellekt standartlarini ishlab chiqishda faol rol o‘ynaymiz», — deb qayd etdi turk yetakchisi.
«Birgalikda Turkiyani sun’iy intellekt davrining yetakchi mamlakatlari qatoriga chiqarishimizga umid qilaman», — deb ta’kidladi Erdog‘an.
Turkiya hozirgi vaqtda davlat boshqaruvida, mudofaa sanoatida va tadbirkorlikda sun’iy intellektni faol joriy etmoqda. Respublika suhbat ko‘rinishidagi neyrotarmoqlarni (chat-botlarni) ishlatish bo‘yicha dunyoning yetakchi mamlakatlaridan biri hisoblanadi.
Keywords