25-oktabr kuni Ashxobod ot sporti majmuasida Turkman alabayiga bag‘ishlangan bayram tadbirlari doirasida milliy alabay obrazini san’at asarlari va ommaviy axborot vositalarida aks ettirishga qaratilgan ijodiy tanlovlar g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Turkmaniston Davlat axborot agentligi xabar berdi.
Tanlovlarning asosiy maqsadi turkman alabayining milliy merosimizdagi o‘rnini ochib berish, shuningdek, uning o‘ziga xos xususiyatlarini san’at va ijod orqali keng targ‘ib qilishdan iborat bo‘ldi. Unda rassomlar, haykaltaroshlar, gilamdo‘zlar, fotosuratchilar, nashriyot sohasi xodimlari hamda teleoperatorlar ishtirok etib, turli yo‘nalishlarda tayyorlagan ishlarini taqdim etdilar.
Tanlov natijalariga ko‘ra, gilamdo‘zlik yo‘nalishida «Türkmenhaly» davlat birlashmasining Ashxobod badiiy gilamchilik korxonasi rassomi A. Gulberdiyev «Turkman alabay» nomli asari bilan birinchi o‘rinni egalladi.
Tasviriy san’at yo‘nalishida Turkmaniston Davlat tasviriy san’at akademiyasining teatr-bezak rangtasviri mutaxassisligi bo‘yicha to‘rtinchi bosqich talabasi S. Osmanovning «Meros» nomli asari g‘olib deb topildi. Haykaltaroshlik yo‘nalishida esa shu akademiyaning ikkinchi bosqich talabasi B. Batyrovaning «Alabay madhiyasi» nomli ishi yuqori bahoga loyiq ko‘rildi.
Nashriyot mahsulotlari yo‘nalishida Turkmaniston Davlat tasviriy san’at akademiyasining arxitektura va dizayn fakulteti talabasi Y. Ýaylimov turkman alabayining obrazini o‘zida mujassam etgan eng yaxshi nashr mahsulotini tayyorlagani uchun alohida ajralib turdi.
Videoroliklar orasida S. A. Niyozov nomidagi Turkman qishloq xo‘jaligi universiteti chorvachilik kafedrasi o‘qituvchi-tadqiqotchisi N. Orazgeldiyevning «Turkman qishloq xo‘jaligi universitetida kinolog mutaxassislarni tayyorlash» nomli ishi g‘olib deb belgilandi.
Tanlovlarda g‘olib bo‘lganlarga Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov nomidan tegishli sertifikatlar va bayram sovg‘alari topshirildi.
Ijodiy tanlovlar turkman alabayining boy tarixini, milliy madaniyatdagi ahamiyatini hamda xalqimizning ushbu zot bilan bog‘liq an’analarini san’atning turli yo‘nalishlari orqali keng targ‘ib qilishga hissa qo‘shadi.









Izohlar
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'ling.