Turkmanistonda rus tili va Rossiya madaniyatiga katta qiziqish bildiriladi. Mamlakatda tomoshabinlar rus filmlari va seriallarini katta ishtiyoq bilan tomosha qiladilar, rus estrada xonandalarining qo‘shiqlarini tinglaydilar. Rossiyadan kelgan san’atkorlarning konsertlari esa ko‘pincha tomoshabinlar bilan to‘la zallarda o‘tkaziladi. Bu haqda Rossiya Federatsiyasining Turkmanistondagi elchisi Ivan Volinkin «Rus Glagol» xalqaro adabiy tanlovi matbuot xizmatiga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Diplomatning ta’kidlashicha, rus tilidagi qo‘shiqlar savdo markazlari va kafelarda ham tez-tez yangrab turadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, rus tili tarixan Turkmanistonda turli millat vakillari o‘rtasidagi muloqot vositasi bo‘lib kelgan.
Ivan Volinkin bugungi kunda rus tilini o‘rganish yoshlar uchun katta ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi. Uning fikricha, rus tilini bilish yoshlarga Rossiya oliy ta’lim muassasalarida tahsil olish, axborot resurslaridan foydalanish, ilmiy va adabiy meros bilan tanishish, shuningdek, kasbiy aloqalarni yo‘lga qo‘yish imkonini beradi.
Elchining aytishicha, Rossiyaning Turkmanistondagi elchixonasi o‘z vakolatlari doirasida rus tilini o‘qitish sifatini oshirish, rus tili o‘qituvchilarini tayyorlash, o‘quv materiallarini zamonaviylashtirish va rus adabiyotini keng targ‘ib qilishga qaratilgan tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlaydi. Ushbu loyihalarda nafaqat Ashxobod mutaxassislari, balki Turkmanistonning boshqa hududlari vakillari ham ishtirok etadilar.
Intervyuda rus tilining xalqaro ahamiyatiga ham alohida e’tibor qaratildi. Har yili 6-iyun kuni, buyuk rus shoiri Aleksandr Pushkin tavallud topgan kunda, dunyoning ko‘plab mamlakatlarida, jumladan, Turkmanistonda ham Rus tili kuni nishonlanadi.
Ashxobodda ushbu sanaga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkaziladigan asosiy maskanlardan biri Pushkin bog‘idir. 1901-yilda bu yerda shoirning bronzadan yasalgan haykali o‘rnatilgan. Bayram kuni ko‘plab insonlar shoir xotirasiga hurmat bajo keltirib, uning yodgorligi poyiga gulchambarlar qo‘yish uchun bog‘ga tashrif buyuradilar.
Rossiya elchisi 2024-yilda «Magtymguly Pyragy» madaniyat va istirohat majmuasida rus yozuvchisi Fyodor Dostoyevskiy haykalining ochilishini ham muhim voqea sifatida baholadi. Uning ta’kidlashicha, ushbu tashabbus rus adabiyotining jahon madaniyati rivojiga qo‘shgan hissasiga ko‘rsatilayotgan hurmat ramzidir.









Izohlar
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'ling.