
Hozirgi vaqtda mamlakatimizning neft-gaz tarmogʻida, ayniqsa neftni qayta ishlash tizimida ulkan muvaffaqiyatlarga erishilmoqda. “Turkmaniston neft-gaz sanoatini 2030-yilgacha boʻlgan davrda rivojlantirish dasturi”ga muvofiq olib borilayotgan kompleks ishlar milliy iqtisodiyotimizni baquvvatlashtirishga salmoqli hissa qoʻshmoqda. Bu yoʻnalishda “Turkmannebit” davlat konsernining Bolqon viloyatida joylashgan Turkmanboshidagi neftni qayta ishlash zavodlari majmuasi (TNQIZM) alohida ajralib turadi. Korxonaning moddiy-texnik bazasining izchil modernizatsiya qilinishi, yangi gaz turbinali elektr stansiyalarining qurilib foydalanishga topshirilishi hamda ishlab chiqarishga innovatsion, raqamli texnologiyalarning joriy etilishi uglevodorod xomashyosini qayta ishlash hajmini tubdan oshirish imkonini berdi. Bu esa ekologik jihatdan toza va dunyo standartlariga javob beradigan, raqobatbardosh mahsulotlarning katta turkumini ishlab chiqarishga yoʻl ochdi. Hozirgi hisobot davrining natijalari ham korxonaning yuqori unumdorlik bilan mehnat qilayotganini isbotlamoqda. Oʻtgan davrda majmua boʻyicha neftni qayta ishlash rejasi 104,9 foizga bajarildi. Bunda avtomobil benzini ishlab chiqarish boʻyicha belgilangan reja 113,7 foizga, dizel yoqilgʻisi ishlab chiqarish rejasi esa 108,7 foizga ado etildi. Shuningdek, moylash moylari ishlab chiqarish 110,3 foizga, suyuqlashtirilgan gazniki 122,1 foizga hamda tabiiy va yoʻldosh gaz qazib olish rejasi 106,7 foizga amalga oshirildi. Ishlab chiqarilayotgan yuqori sifatli neft mahsulotlariga nafaqat ichki bozorda, balki tashqi bozorlarda ham talab tobora ortib bormoqda. Yaqin va uzoq istiqbolga moʻljallangan yangi loyihalar zavodlar majmuasining quvvatini yanada mustahkamlashga mustahkam asos yaratadi. Shu kunlarda ham TNQIZMning ahil xodimlari muqaddas Mustaqilligimizning shonli 35 yillik tarixiy sanasini munosib ishlab chiqarish koʻrsatkichlari bilan kutib olish uchun kecha-yu kunduz mehnat qilmoqdalar.
Keywords