Turkmaniston 2027–2028-yillar uchun Dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan rivojlanayotgan mamlakatlar (LLDC) guruhining raisligiga saylandi. Bu haqdagi qaror Nyu-Yorkda guruhga a’zo davlatlarning Birlashgan Millatlar Tashkilotidagi doimiy vakillari ishtirok etgan uchrashuvda qabul qilindi.
Turkmanistonning BMT huzuridagi doimiy vakolatxonasi ma’lumotiga ko‘ra, mamlakat guruhning barcha a’zolari bir ovozdan qo‘llab-quvvatlashi bilan ushbu vazifaga saylandi. Turkmanistonning raislik muddati 2027-yil 1-yanvardan boshlanadi.
Yangi rahbarlik davrida Ozarbayjon o‘rinbosar lavozimiga saylandi. Shuningdek, boshqaruv organining tarkibiga Laos, Burundi, Chad, Ruanda va Paragvay davlatlari vakillari kirdi.
Turkmanistonning LLDC guruhi raisligiga saylanishi mamlakatning xalqaro maydondagi faolligining navbatdagi e’tiroflaridan biri sifatida baholanmoqda. Bu qaror xalqaro jamoatchilikning Turkmaniston olib borayotgan tashqi siyosat va tashabbuslariga bildirayotgan yuksak ishonchidan dalolat beradi.
Ikki yillik raislik davrida Turkmaniston guruh ishini muvofiqlashtirishda qatnashadi. Xususan, energetika, transport va aloqa tarmoqlarida hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek, dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan mamlakatlarning xalqaro transport tizimlariga qo‘shilishi bilan bog‘liq masalalarni ilgari surishga alohida e’tibor qaratiladi.
Turkmaniston, shuningdek, dunyoning dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan 32 ta rivojlanayotgan mamlakatining manfaatlarini ifodalaydi. Shu davrda 2024–2034-yillar uchun Avaza harakatlar dasturini amalga oshirishga faol ko‘maklashish rejalashtirilgan.
Xabarda qayd etilishicha, LLDC guruhi boshqaruv organining yangi tarkibi 2026-yil 24-sentabrda Nyu-Yorkdagi BMT shtab-kvartirasida o‘tkaziladigan vazirlar uchrashuvining yakuniy kommunikesi bilan rasman tasdiqlanadi.
Shuningdek, 2026-yilning noyabr–dekabr oylarida BMTning Eng kam rivojlangan mamlakatlar, dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan rivojlanayotgan mamlakatlar va kichik orollardagi rivojlanayotgan davlatlar bo‘yicha Oliy vakili boshqarmasi (OHRLLS) bilan birgalikda Turkmanistonning 2027–2028-yillardagi raislik davrining asosiy yo‘nalishlarini o‘z ichiga olgan «yo‘l xaritasi» loyihasini tayyorlash ko‘zda tutilgan.







Izohlar
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'ling.