Ashxobodda o‘tkazilayotgan «Turkmaniston nefti va gazi — 2026» xalqaro konferensiyasi va ko‘rgazmasida Malayziya iqtisodiyot vaziri Akmal Nasrulla bin Mohd Nasir so‘zga chiqib, ikki mamlakatning yoqilg‘i-energetika sohasidagi ko‘p yillik hamkorligi muhimligini ta’kidladi.

Malayziya iqtisodiyot vazirining ta’kidlashicha, «Petronas» kompaniyasi 1996-yildan buyon Turkmanistonda faoliyat yuritib kelmoqda. Shu davr mobaynida kompaniya nafaqat uglevodorod resurslarini qazib olishga, balki mahalliy infratuzilmani rivojlantirish, yoqilg‘i-energetika tarmog‘ining imkoniyatlarini kengaytirish va milliy mutaxassislarni tayyorlashga ham hissa qo‘shdi.

Akmal Nasrulla bin Mohd Nasir Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov va Malayziya Bosh vaziri o‘rtasidagi uchrashuvda ikki tomonlama munosabatlarni yanada mustahkamlash, xususan, neft-gaz sohasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratilganini qayd etdi. Uning ta’kidlashicha, uchrashuv yakunida ikki mamlakat hukumatlari o‘rtasida Turkmanistonning uglevodorod resurslarini o‘zlashtirish bo‘yicha uzoq muddatli hamkorlik to‘g‘risidagi bitim imzolangan.

Malayziya OGT-2026 xalqaro forumida neft-gaz xizmatlari va uskunalarga texnik xizmat ko‘rsatishga ixtisoslashgan 20 dan ortiq kompaniyani birlashtirgan delegatsiya bilan ishtirok etmoqda. Malayziya tomonining asosiy maqsadi ilg‘or texnologiyalarni Turkmanistonning boy tabiiy resurslari bilan uyg‘unlashtirib, o‘zaro manfaatli loyihalarni amalga oshirishdan iborat.

Vazir hamkorlik samaradorligi faqat imzolangan shartnomalar hajmi bilan belgilanmasligini ta’kidladi. Mahalliy yetkazib beruvchilarni qo‘llab-quvvatlash, kasbiy tajriba almashish va aholining farovonligini oshirish ham muhim ahamiyatga ega.

Malayziya iqtisodiyot vaziri ikki mamlakat xalqaro miqyosdagi energetika loyihalarini amalga oshirish va do‘st xalqlar farovonligini yuksaltirish maqsadida hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini rivojlantirishga tayyor ekanini tasdiqladi.