Turkmaniston yoshlari Germaniyada oliy ta'lim olish bo‘yicha yangi imkoniyatdan foydalanishlari mumkin. Germaniya akademik almashinuv xizmati (DAAD) 2027–2028-o‘quv yili uchun fan, texnologiya, muhandislik va matematika yo‘nalishlari bo‘yicha magistratura dasturlariga stipendiyali o‘qish uchun arizalarni qabul qilmoqda.
Mazkur dastur tegishli talablarga javob beradigan Turkmaniston fuqarolari uchun ham mavjuddir. U oliy o‘quv yurtini tamomlab, matematika, informatika, tabiiy fanlar yoki muhandislik yo‘nalishlarida o‘qishini davom ettirmoqchi bo‘lgan bitiruvchilar uchun mo‘ljallangan.
Nomzodlarning Germaniyada tan olinadigan birinchi oliy ta'lim darajasi, ya'ni bakalavr diplomi bo‘lishi shart. Shuningdek, ariza topshirish muddatiga qadar ularning magistr darajasiga ega bo‘lmasligi ta'kidlanadi.
Stipendiya Germaniyaning davlat yoki davlat tomonidan tan olingan oliy o‘quv yurtlarining birida kunduzgi magistratura dasturida o‘qish uchun beriladi. Tanlangan o‘quv dasturi to‘lovsiz bo‘lishi va 2027–2028-o‘quv yilining qishki semestrida boshlanishi kerak.
Dastur doirasida tanlangan talabalarga bir necha shaklda moliyaviy yordam ko‘rsatiladi:
har oyda 992 yevro miqdoridagi to‘lov;
tibbiy sug‘urta;
baxtsiz hodisalardan va fuqarolik-huquqiy javobgarlikdan sug‘urtalash;
yilda 460 yevro o‘quv yordami kiradi.
Zarur hollarda yo‘l xarajatlarini qoplash, turar joy bilan bog‘liq xarajatlarga yoki oila a'zolari bilan bog‘liq qo‘shimcha yordam olish imkoniyati ham ko‘zda tutiladi.
DAAD o‘quv to‘lovlarini to‘lamaydi. Shuning uchun nomzodlar o‘quv to‘lovi olinmaydigan magistratura dasturlarini tanlashlari lozim.
Nomzodlar tanlanganda ularning o‘quv ko‘rsatkichlari, oldingi ta'limining tanlangan sohaga mosligi, til darajasi, kasbiy tajribasi, jamoatchilik faolligi, tayyorlagan o‘quv rejasining sifati hamda kelgusidagi ilmiy va kasbiy maqsadlari hisobga olinadi.
Nomzodlar o‘quv dasturining talablariga muvofiq nemis yoki ingliz tilini bilishini tasdiqlovchi hujjat berishi kerak. Ariza topshirayotgan vaqtida til darajasining kamida B1 darajasida bo‘lishi talab etiladi.
Arizalarni topshirishning oxirgi muddati 2026-yil 24-sentabr etib belgilandi. Hujjatlar DAADning elektron portali orqali qabul qilinadi.
Turkmanistonlik nomzodlarga ariza topshirmasdan oldin dasturning rasmiy ma'lumotlarini, yashash yurtiga tegishli talablarni va zarur hujjatlarning to‘liq ro‘yxatini tekshirish tavsiya etiladi.
DAADning ushbu stipendiyali dasturi turkman yoshlariga Germaniyaning yetakchi oliy o‘quv yurtlarida ta'lim olish, xalqaro tajribasini oshirish va ilmiy-kasbiy imkoniyatlarini kengaytirish uchun muhim imkoniyat yaratadi.







Izohlar
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'ling.