Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov Anqara shahriga amalga oshirgan ish safari doirasida Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdo‘g‘an bilan uchrashdi. Bu haqda Turkiya Respublikasi Prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.

Uchrashuv davomida ikki mamlakat o‘rtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy hamda madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikning bugungi holati va uni kelgusida rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.

Shuningdek, Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov shu kuni Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) Davlat rahbarlari kengashining XIII sammitida ishtirok etib, unda nutq so‘zladi.

Sammitda so‘zga chiqqan davlat rahbari turkiy mamlakatlarning katta iqtisodiy salohiyatga ega ekanini ta’kidlab, ushbu imkoniyatlardan samarali foydalanish uchun energetika, sanoat, xomashyoni qayta ishlash va iqtisodiyotning boshqa tarmoqlarida hamkorlikni rivojlantirish zarurligini qayd etdi.

Uchrashuv va sammitdagi ishtirok Turkmaniston hamda Turkiya, shuningdek, turkiy davlatlar o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalarini muhokama qilish uchun muhim imkoniyat bo‘ldi.