Yagshigeldi Kakayev nomidagi Xalqaro neft va gaz universitetida Xalqaro ochiq internet informatika olimpiadasi bo‘lib o‘tdi. Unda Turkmaniston va Xitoy Xalq Respublikasidagi neft-gaz yo‘nalishidagi to‘rtta oliy ta’lim muassasasidan 120 nafar talaba ishtirok etdi.

Olimpiadaning ochilish marosimida Yagshigeldi Kakayev nomidagi Xalqaro neft va gaz universiteti, Xitoy neft universiteti, Sian neft universiteti hamda Xebey neft kasbiy-texnika universiteti rahbarlari so‘zga chiqdilar. Ular musobaqa ishtirokchilarini qutlab, talabalarga muvaffaqiyat tiladilar.

Xalqaro bellashuv ikki mamlakat oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida bilim va tajriba almashish, yoshlarning informatika sohasidagi ko‘nikmalarini rivojlantirish uchun imkoniyat yaratdi. Olimpiada yoshlarning raqamli texnologiyalar va axborot tizimlari bo‘yicha bilimlarini sinovdan o‘tkazishga qaratildi.

Musobaqa natijalari Yagshigeldi Kakayev nomidagi Xalqaro neft va gaz universiteti mutaxassislari tomonidan maxsus ishlab chiqilgan milliy dasturiy ta’minot yordamida aniqlandi. To‘plangan ballar yig‘indisiga ko‘ra, individual bellashuv g‘oliblari belgilandi. Shuningdek, jamoaviy musobaqa natijalari ham sarhisob qilindi.

Olimpiadada Yagshigeldi Kakayev nomidagi Xalqaro neft va gaz universiteti talabalari muvaffaqiyatli ishtirok etib, sovrinli o‘rinlarni egalladilar. Individual va jamoaviy bellashuvlarda g‘olib bo‘lgan talabalarga universitet rektori tomonidan birinchi, ikkinchi va uchinchi darajali diplomlar topshirildi.

Mazkur xalqaro tadbir Turkmaniston va Xitoy oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi ta’lim hamkorligini rivojlantirish, talabalarning kasbiy ko‘nikmalarini takomillashtirish hamda raqamli texnologiyalar sohasida tajriba almashishga xizmat qiladi.