Turkmanistonlik maktab o‘quvchilariga Rossiya Federatsiyasining «Sirius» federal hududida o‘tkaziladigan OWAO 2026 Ochiq xalqaro astronomiya olimpiadasida qatnashish imkoniyati yaratilmoqda. Rossiyaning Turkmanistondagi elchixonasi ma’lumotlariga ko‘ra, Turkmaniston ushbu xalqaro ilmiy musobaqada 18 yoshdan katta bo‘lmagan ikki nafardan olti nafar o‘quvchigacha tuzilgan bitta milliy jamoa bilan qatnashishi mumkin. Jamoaga bitta rahbar va ikki nafar kuzatuvchi hamrohlik qilishi mumkin. Olimpiada tashkilotchilari tomonidan ishtirokchilarning yashash va ovqatlanish bilan bog‘liq xarajatlari to‘liq ta’minlanadi. Olimpiada davomida yosh astronomlar nazariy bilimlari, amaliy ko‘nikmalari va kuzatuv qobiliyatlarini sinovdan o‘tkazuvchi to‘rt turda — nazariy, amaliy, kuzatuv va test musobaqalarida o‘zaro kuch sinashadilar. OWAO 2026 ning rasmiy ish tili ingliz tili bo‘ladi. Shuningdek, ishtirokchilar musobaqa vazifalarini bajarishganda jamoa rahbarlari tomonidan oldindan ona tiliga tarjima qilingan maxsus astronomiya atamalari lug‘atidan foydalanishlari mumkin. Xalqaro olimpiada dasturiga nafaqat musobaqa bosqichlari, balki mahorat darslari, tarixiy joylarga sayohatlar va kosmik fanlar bo‘yicha turli ma’rifiy tadbirlar ham kiritilgan. Bu tadbirlar yoshlarning astronomiya va kosmik fanlarga bo‘lgan qiziqishini oshirishga hamda xalqaro darajada tajriba to‘plashiga imkon berishi kutilmoqda. OWAO 2026 da qatnashish istagida bo‘lgan o‘quvchilar uchun ariza topshirish va ro‘yxatga olish ishlari 2026-yilning 4-oktabriga qadar davom etadi. Olimpiada qoidalari va qatnashish shartlari bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot olish uchun tashkiliy qo‘mitaga maxsus elektron pochta orqali murojaat qilish mumkin.