2026-yil 22-oktabr kuni Ashxobod shahrida Markaziy Osiyo mamlakatlari va Mo‘g‘uliston ta’lim vazirlari ishtirokida davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda mintaqada ta’lim sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash, ko‘p tilli ta’limni rivojlantirish va barcha bolalar uchun sifatli ta’lim olish imkoniyatlarini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Qirg‘iziston Ta’lim vazirligining ma’lum qilishicha, Ashxoboddagi uchrashuv 2006-yilda Toshkentda boshlangan davlatlararo muloqotning davomi hisoblanadi. Shuningdek, u 2012-yildan buyon amalga oshirib kelinayotgan YXHTning Milliy ozchiliklar ishlari bo‘yicha Oliy komissari Markaziy Osiyo ta’lim dasturi doirasida mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladi.
Mazkur platforma ta’lim sohasida tajriba almashish, til ozchiliklarining ta’lim olish imkoniyatlarini qo‘llab-quvvatlash va millatlararo hamjihatlikni mustahkamlashga qaratilgan.
Yig‘ilishda Qirg‘iziston ta’lim vaziri o‘rinbosari Nadira Jusupbekova “Ko‘p tilli yondashuvlar orqali mintaqaviy hamkorlik va sifatli ta’limni rivojlantirish” mavzusida ma’ruza qildi. U mamlakatning ko‘p tilli ta’lim sohasida to‘plagan tajribasi va amalda qo‘llanilayotgan o‘quv modellarini taqdim etdi.
Qirg‘iziston tomonining ta’kidlashicha, tillar xilma-xilligi muhim ijtimoiy-madaniy boylik hisoblanadi. Ko‘p tilli ta’lim o‘quvchilarning bilim darajasini oshirish, davlat tilini rivojlantirish va ta’lim olishda teng imkoniyatlarni yaratishga yordam beradi.
Qirg‘iziston mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish uchun uchta asosiy tashabbusni ilgari surdi. Ular orasida o‘qituvchilarni tayyorlash bo‘yicha ta’lim dasturlarini o‘zaro almashish, ikki tilli va multimedia o‘quv materiallarini o‘z ichiga olgan umumiy raqamli kutubxona yaratish, shuningdek, ta’lim sohasidagi ma’lumotlarni to‘plash va tahlil qilish usullarini takomillashtirish bor.
Ushbu takliflarni YXHT, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bolalar jamg‘armasi (UNICEF), BMTning Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha tashkiloti (UNESCO) hamda boshqa xalqaro hamkorlar ko‘magida amalga oshirish rejalashtirilgan.
Mutaxassislarning fikricha, bunday tashabbuslar Markaziy Osiyo mamlakatlari va Mo‘g‘ulistonda ta’lim sifatini oshirish, o‘quv imkoniyatlarini kengaytirish hamda inklyuziv va barcha uchun ochiq ta’limni rivojlantirishga hissa qo‘shishi mumkin.







Izohlar
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'ling.