Ozarbayjonda o‘tkazilayotgan “GabalaFest” xalqaro festivali doirasida ilk bor tashkil etilgan «Madaniyatlar chorrahasi» nomli xalqaro san’at ko‘rgazmasi turli mamlakatlardan taniqli rassom va haykaltaroshlarni bir joyga jamladi.
AZERTAJ agentligi xabariga ko‘ra, ko‘rgazmada Ozarbayjon, Turkmaniston, Xitoy, Germaniya, Vengriya, Qozog‘iston, Koreya Respublikasi, Rossiya, Turkiya, Buyuk Britaniya, O‘zbekiston va boshqa davlatlardan 30 nafardan ortiq san’at ustalari ishtirok etmoqda.
Loyiha rangtasvir, haykaltaroshlik va fotografiya asarlari orqali turli madaniyatlar, an’analar hamda avlodlar o‘rtasida ijodiy muloqotni rivojlantirishni maqsad qilgan. Ekspozitsiyada ishtirokchi mamlakatlarning taniqli ijodkorlari tomonidan yaratilgan, milliy badiiy an’analar va zamonaviy san’atga bo‘lgan qarashlarni aks ettiruvchi asarlar namoyish etilmoqda.
Ko‘rgazmada dunyoga mashhur ijodkorlar qatorida Turkmaniston vakili, rassom Gahryman Gochmyradov ham qatnashmoqda. Uning taqdim etgan asarlari milliy madaniy merosni zamonaviy tasviriy san’at bilan uyg‘unlashtirgan badiiy yechimlari orqali tashrif buyuruvchilarning e’tiborini tortmoqda.
«Madaniyatlar chorrahasi» xalqaro ko‘rgazmasi turli mamlakatlar san’atkorlarining ijodiy tajriba almashishiga, madaniy hamkorlikni mustahkamlashga va xalqaro badiiy muloqotni rivojlantirishga xizmat qiluvchi muhim madaniy tadbirlardan biri hisoblanadi.








Izohlar
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'ling.