Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) Markaziy Osiyo mamlakatlarida mintaqaviy turizmni rivojlantirishga bag‘ishlangan o‘quv dasturini tashkil etdi. Sentabr va oktabr oylarida o‘tkazilgan mashg‘ulotlarda Turkmanistonning «Halkara syýahat» va «Şowly syýahat» sayyohlik kompaniyalari vakillari ham ishtirok etdi. Bu haqda Turkmaniston Madaniyat vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

O‘quv dasturi doirasida JICA mutaxassislari va Vakayama universiteti Xalqaro munosabatlar kafedrasi professor-o‘qituvchilari amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazdilar. Mashg‘ulotlarda turizm sohasida yangi texnologiyalardan foydalanish, sayyohlik xizmatlarini takomillashtirish va mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha tajribalar o‘rganildi.

O‘quv jarayonida Turkmaniston vakillari Vakayama universitetida mamlakatning sayyohlik imkoniyatlari hamda boy tarixiy-madaniy merosini ham taqdim etdilar. Shuningdek, Turkmanistonning sayyohlik yo‘nalishlarini xalqaro miqyosda targ‘ib qilish va xorijiy sayyohlarning e’tiborini jalb etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

O‘zlashtirilgan tajribalar kelgusida Turkmanistonda ekologik, sog‘lomlashtirish va tarixiy turizmni rivojlantirish, sayyohlik maskanlarini kengroq tanitish hamda xizmatlar sifatini oshirishga yordam berishi kutilmoqda. Bu boradagi ishlar Yaponiya va Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlaridan keladigan sayyohlar sonini ko‘paytirish uchun ham yangi imkoniyatlar yaratishi mumkin.

Turkmaniston mutaxassislarining JICA o‘quv dasturida ishtirok etishi xalqaro tajribani o‘zlashtirish, kasbiy ko‘nikmalarni takomillashtirish va mamlakat turizm sohasining xorijiy hamkorlar bilan aloqalarini kengaytirish jihatidan muhim ahamiyatga ega.