Lebap viloyatining Turkmanobod shahrida Seyitnazar Seyidi nomidagi Turkman davlat pedagogika institutining yangi bino majmuasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Lebap.biz sayti xabar beradi.

Ochilish marosimida viloyat hokimligi, jamoat tashkilotlari vakillari, professor-o‘qituvchilar, talaba-yoshlar, nuroniylar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdilar.

Marosim davomida ishtirokchilarga Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedovning Turkman davlat arxitektura-qurilish institutining yangi bino majmuasining maxsus minbaridan qilgan nutqi raqamli tizim orqali namoyish etildi. Davlat rahbarining ruxsati bilan Seyitnazar Seyidi nomidagi Turkman davlat pedagogika institutining yangi bino majmuasini ochilish marosimiga start berildi.

Yangi majmuada talabalarning zamonaviy bilim olishi va ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borishi uchun keng imkoniyatlar yaratildi. Bu yerda «Etnografiya va arxeologiya muzeyi», ixtisoslashtirilgan o‘qish xonalari, kimyo va biologiya laboratoriyalari, elektron kutubxona, yotoqxonalar hamda sport majmuasi joylashgan.

Ochilish marosimi davomida institutga Turkmaniston Prezidenti nomidan bir nechta transport vositalari topshirildi. Shuningdek, oliy o‘quv yurtining xalqaro hamkorlik yo‘nalishlaridagi erishgan yutuqlarini tasdiqlovchi sertifikatlar va mukofotlar taqdim etildi.

Bundan tashqari, Seyitnazar Seyidi nomidagi TDPI bilan Rossiyaning Naberejnie Chelni davlat pedagogika universiteti o‘rtasida hamkorlik memorandumiga imzo chekildi.

Yangi bino majmuasining foydalanishga topshirilishi oliy o‘quv yurtining ta’lim, ilm-fan va xalqaro hamkorlik imkoniyatlarini yanada kengaytirishga xizmat qiladi.