Xitoyda dasturchilar tomonidan magnit-rezonans tomografiyaga (MRT) asoslangan, miya va kompyuter o‘rtasidagi interfeys (BCI) bilan ishlashga mo‘ljallangan yangi majmua taqdim etildi. Ijodkorlar uMR Shenguan deb nomlangan tizimni dunyodagi MRTga asoslangan ilk to‘la funksional majmua sifatida ta’riflamoqdalar.
Tizim miya signallarini qayd etish va shifrini yechish, neyromodulyatsiya orqali miyaga ta’sir qilish hamda ana shu ta’sir natijalarini baholash imkoniyatlarini yagona texnologik platformada birlashtiradi. Uni «Shanghai United Imaging Healthcare» kompaniyasi Tyanjin universiteti bilan hamkorlikda ishlab chiqqan.
An’anaviy yechimlardan farqli o‘laroq, uMR Shenguan faqat MRT uskunasi bilan BCI tizimini birlashtirish bilangina cheklanmaydi. U miya faoliyatini o‘qiydigan, olingan ma’lumotlarni tahlil qiladigan, miyaga maqsadli ta’sir ko‘rsatadigan va so‘ngra o‘sha ta’sir natijasini o‘lchab beradigan yopiq texnologik aylanmani hosil qiladi.
Ishlab chiqaruvchilarning ma’lumotlariga ko‘ra, tizim nerv faoliyati signallarini millisekund darajasidagi vaqt aniqligi bilan qayd etib, shu bilan birga miya tuzilishini millimetrdan ham yuqori aniqlikda tasvirlashi mumkin. Bu miyada juda tez sodir bo‘ladigan o‘zgarishlarni kuzatib borish va faollik qaysi qismda yuzaga kelayotganini aniqlash imkonini beradi.
MRT uskunalarida implantatsiya qilinadigan tuzilmalarning magnit xalaqitlarini kamaytirish uchun maxsus BCI vositalari ham ishlab chiqildi. Bunday yondashuv miyani vizualizatsiya qilish va neyromodulyatsiyani bir vaqtning o‘zida amalga oshirishga shart-sharoit yaratadi.
Yangi platforma, birinchi navbatda, neyroilm-fan tadqiqotlari, BCI texnologiyalarini rivojlantirish va kelajakda ularning klinik qo‘llanilishini o‘rganish uchun mo‘ljallangan. Olimlar bitta tizim yordamida miya faoliyatiga nazar solib, maqsadli ta’sir ko‘rsatishi va uning natijalarini aynan shu platforma vositasida baholashi mumkin.
BCI texnologiyalarining tibbiyotdagi qo‘llanish doirasi kengayishi bilan yangi tizimning harakat funksiyalarini tiklash, neyroreabilitatsiya, psixiatriya, oftalmologiya va audiologiya kabi yo‘nalishlardagi ilmiy tadqiqotlar uchun ahamiyati oshishi kutilmoqda.
Kelajakda miya va kompyuter o‘rtasidagi interfeyslarning qo‘llanish sohasi tibbiyot bilan cheklanib qolmay, ta’lim, sport, o‘yin industriyasi, uyqu sifatini o‘rganish va ishlab chiqarish xavfsizligi kabi yo‘nalishlarga ham yoyilishi mumkin.
uMR Shenguan‘ning asosiy xususiyati — miya signallarini shunchaki «o‘qish» emas, balki o‘sha signallarni nazorat qilish, miyaga ta’sir ko‘rsatish va natijani o‘lchash ishlarini yaxlit tizimda birlashtirishidir.







Izohlar
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'ling.