Xitoyning milliy neft kompaniyasi Sinopec tarkibiga kiruvchi korxonalardan biri Turkmanistonda o‘z vakolatxonasini ochish va yetkazib beriladigan uskunalarga texnik xizmat ko‘rsatish uchun ixtisoslashtirilgan markaz tashkil etishni rejalashtirmoqda. Bu haqda kompaniya vakili Ashxobodda bo‘lib o‘tayotgan «Turkmaniston nefti va gazi — OGT 2026» nomli XXXI xalqaro ko‘rgazma doirasida bergan intervyusida ma’lum qildi.
Korxona neft-gaz sanoatida qo‘llaniladigan turli xil uskunalar, jumladan, burg‘ilash qurilmalari va uglevodorod resurslarini qazib olishga mo‘ljallangan texnik vositalarni ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Kompaniya vakili korxonaning ishlab chiqarish imkoniyatlari haqida ma’lumot berib, uning yillik aylanmasi 100 ta burg‘ilash qurilmasi qiymatiga teng ekanini ta’kidladi.
Kompaniya mahsulotlari qatoriga quduqlarni kapital ta’mirlash, qatlamlarni gidravlik yorish ishlarini bajarish, koltyubing texnologiyasini qo‘llash va quduqlarni o‘chirmasdan ta’mirlash uchun mo‘ljallangan uskunalar ham kiradi. Ushbu texnologiyalar neft-gaz quduqlarida olib boriladigan ishlar samaradorligini oshirishga qaratilgan.
Korxona o‘z mahsulotlarini Turkmanistonga 1998-yildan buyon yetkazib kelmoqda. Shu davr mobaynida mamlakatga turli xil uskunalarning 300 ta to‘plami yetkazib berildi. Kompaniya vakili «Turkmannebit» va «Turkmengaz» davlat konsernlari, shuningdek, «Turkmangeologiya» davlat korporatsiyasi bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilganini ta’kidladi.
«Turkmaniston nefti va gazi — OGT 2026» xalqaro ko‘rgazmasida ishtirok etish kompaniyaga mavjud ishbilarmonlik aloqalarini rivojlantirish, hamkorlikni yanada mustahkamlash va yangi hamkorlarni topish imkonini beradi.
Turkmanistonda vakolatxona va servis markazini ochish rejalari xorijda ishlab chiqarilgan neft-gaz uskunalariga texnik xizmat ko‘rsatish imkoniyatlarini kengaytirish hamda ushbu yo‘nalishdagi hamkorlik ko‘lamini oshirishga qaratilgan.







Izohlar
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'ling.