Yevropaning bir nechta davlatida joriy yozda gʻayritabiiy jazirama qayd etildi. Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, iyul oyining oʻrtalaridan avgust oyining oʻrtalariga qadar davom etgan issiq ob-havo natijasida Yevropada 32 mingdan ortiq kishi vafot etdi.

Bu haqda “SIA” agentligi “Kronen Zeitung” nashri maʼlumotlariga tayanib xabar berdi.

Hisob-kitoblar Avstriya, Germaniya, Belgiya, Fransiya, Niderlandiya, Portugaliya va Ispaniyani oʻz ichiga oladi. Issiq ob-havo bilan bogʻliq eng koʻp oʻlim holatlari Germaniyada qayd etildi.

Mutaxassislarning taʼkidlashicha, hozirgi koʻrsatkich hali yakuniy emas. Tegishli maʼlumotlarning qayta tahlil qilinishi bilan issiq havoning inson oʻlimiga taʼsiriga oid raqamlar oʻzgarishi kutilmoqda.

Mutaxassislar haddan tashqari yuqori harorat, birinchi navbatda, keksalar va sogʻligʻi zaif fuqarolar uchun katta xavf tugʻdirishini taʼkidlaydilar. Bunday davrlarda quyosh ostida uzoq vaqt qolmaslik va tananing suv balansini saqlash muhim choralardan biri sifatida koʻrsatiladi.