Jahon banki kelgusi 15 yil ichida voyaga yetadigan qariyb 1,2 milliard yosh uchun iqtisodiy imkoniyatlarni kengaytirish va yangi ish o‘rinlarini yaratishni o‘zining asosiy ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgiladi.
Bu haqda Jahon banki prezidenti Ajay Banga Bangkok shahrida bo‘lib o‘tgan Xalqaro valyuta jamg‘armasi va Jahon banki boshqaruv organlarining kuzgi yig‘ilishlarida so‘zlagan nutqida ma’lum qildi.
Uning ta’kidlashicha, yaqin 15 yil ichida qariyb 1,2 milliard yosh 18 yoshga to‘ladi. Ushbu avlodni sifatli ta’lim, tibbiy xizmatlar, toza suv va havo, shuningdek, kasbiy ko‘nikmalarni egallash uchun zarur sharoitlar bilan ta’minlash katta demografik imkoniyatlarni yuzaga keltirishi mumkin.
Ajay Banga yoshlar voyaga yetganidan keyin iqtisodiy faoliyatga faol qo‘shilishi va jamiyatning samarali a’zolariga aylanishi uchun tegishli ish o‘rinlarini yaratish alohida ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.
Jahon banki rahbarining aytishicha, tashkilot o‘zi moliyalashtiradigan infratuzilma loyihalariga ham yangicha yondashmoqda. Yo‘l qurilishidan tortib maktablar va tibbiyot muassasalarini barpo etishgacha bo‘lgan loyihalarda endilikda yangi ish o‘rinlarini yaratishga qo‘shiladigan hissaga ko‘proq e’tibor qaratilmoqda.
Banga ushbu yo‘nalishda muvaffaqiyatli tajribaga ega mamlakatlardan biri sifatida Singapurni tilga oldi. Shuningdek, u ish o‘rinlarini yaratishda xususiy kapitalning muhim ahamiyatini ta’kidladi.
Jahon banki prezidentining fikricha, davlatlar biznes yuritish va investitsiyalarni jalb qilish uchun zarur sharoitlarni yaratsa, ish o‘rinlarining asosiy qismini xususiy sektor ta’minlaydi. Uning ma’lumotlariga ko‘ra, turli mamlakatlarda ish o‘rinlarining 75–85 foizi xususiy sektor hissasiga to‘g‘ri keladi.
Rivojlanayotgan bozorlarda sun’iy intellektdan foydalanish haqida gapirar ekan, Ajay Banga asosiy maqsad ushbu texnologiyani shunchaki innovatsion yechim sifatida emas, balki mehnat unumdorligini oshiradigan amaliy vosita sifatida qo‘llash bo‘lishi kerakligini ta’kidladi.
Uning fikricha, sun’iy intellektning eng katta imkoniyatlaridan biri ta’lim, sog‘liqni saqlash va qishloq xo‘jaligi kabi sohalarda ish samaradorligini sezilarli darajada oshiradigan amaliy dasturlarni yaratishdan iborat.
Shu bilan birga, Jahon banki rahbari sun’iy intellektning rivojlanayotgan mamlakatlarda ayrim ish o‘rinlarining qisqarishiga olib kelishi mumkinligi haqidagi xavotirlar ham asossiz emasligini qayd etdi. Biroq hozircha bu jarayon keng miqyosda yuz berayotganini tasdiqlovchi dalillar yo‘qligini ta’kidladi.
Banga «kichik sun’iy intellekt» deb ataladigan texnologiyalarni keng joriy etish, birinchi navbatda, mehnat unumdorligini oshirish va odamlarning imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilishi lozimligini ta’kidladi.







Izohlar
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'ling.